Umra parvozlari ikki baravarga oshirildi

Shu yil 10 dekabrdan Saudiya Arabistoniga Umra aviaqatnovlarini bir kunda ikki martadan amalga oshirish boshlandi. Shu kunga qadar umra havo qatnovlari bir kunda bir mahal edi.

Ziyoratchilar soni ham ikki baravarga oshdi. Har bir aviaqatnovda 245 nafardan, jami kunlik ziyoratchilar soni qariyb 500 nafarga yetdi. Mana shunday “Umra – 2019/2020” mavsumi parvozlari 2020 yil yoz oylariga qadar davom etadi.

Umra ziyoratlari tashkiliy ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyun kunidagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tizimli ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Yurtimiz fuqarolarining muqaddas ziyoratga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Umra safariga boruvchi ziyoratchilar sonini belgilash bo‘yicha cheklovlar (kvota) olib tashlanganini eslab o‘tish o‘rinlidir.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, fuqarolar ushbu o‘n kunlik umra safari davomida Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida 7 kun bo‘ladi. Ular mazkur shaharlarda barcha zarur sharoitlarga ega mehmonxonalarda istiqomat qiladi hamda ularga tajribali ishchi guruhi, ellikboshilar va malakali shifokorlar xizmat ko‘rsatadi.

Ziyoratchilarimizning ibodati mukammal bo‘lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida tinimsiz sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Ziyoratchilarning salomatligini saqlash, o‘ziga xos iqlim sharoitida ehtiyotkor bo‘lish va ovqatlanish tartibiga amal qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.