Umumxalq hasharida ishtirok etish ixtiyoriy, 1 kunlik ish haqi xodimning roziligi bilan ushlab qolinishi mumkin
Xabaringiz bor, ertaga 30 aprel kuni “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.
Umumxalq hasharida ishtirok etish ixtiyoriy, xodimlarning 1 kunlik ish haqi faqatgina ularning roziligi bilan ushlab qolinishi mumkin. Bu haqda AOKAda «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Dilshod Usmonov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi:
Hashar davomida:
● 15 ming gektardan ziyod yer-maydonlarni obodonlashtirish, 6 ming kilometrdan ortiq ariq va zovurlarni tozalash;
● 1 million tupga yaqin mevali va manzarali ko‘chat va 2 million tupdan ziyod gul ko‘chatini o‘tqazish;
● 5 mingga yaqin oilaning uylarini ta’mirlab berish (buning uchun fond hisobidan salkam 1 milliard so‘m yo‘naltiriladi);
● 9 mingdan ziyod ehtiyojmand oila va 3 mingga yaqin yakka-yolg‘iz qariyaga 3 millard so‘mga yaqin moddiy ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.