Umumxalq muhokama yana 10 kunga uzaytirildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda konstitutsiyaviy islohotlar bilan bog‘liq ikkita muhim masala ko‘rib chiqildi.
Majlisda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza bildirishda fuqarolarning faolligi ortib borayotganligi, kelib tushayotgan takliflar soni tobora oshayotganligi umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 2022 yil 15 iyulgacha uzaytirish maqsadga muvofiq deb topildi.
Deputatlar O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bildirilgan takliflarni inobatga olish zarur deb topdilar.
Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74 va 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilib, amaldagi normalarni saqlab qolish maqsadga muvofiq ko‘rildi.