Universitetda qozoq tili va adabiyoti bo‘limi ochildi

Bugun Samarqand davlat universitetida Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida Abay nomidagi fan va madaniyat markazi va qozoq tili va adabiyoti bo‘limi ochildi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Bebut Atamkulov, Abay nomidagi milliy pedagogika universiteti rektori Bolat Tilep va boshqa vakillar qatnashdi.

- O‘zbekiston va Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yuksak darajada ekanini e’tirof etamiz, - dedi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalari vazirligining Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Nasimov. - Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash, tillarni o‘zlashtirish, til mutaxassislarining sifatini oshirishga intilamiz. Bugungi kunda mamlakatimizda 400 ta maktabda qozoq tili o‘qitiladi, ta’lim faqat qozoq tilida olib boriladigan 162 ta maktab mavjud. Qozoq tilida oliy ta’lim va kasb-hunar ta’limini olish uchun Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi universiteti, Guliston davlat universiteti, Nukus, Jizzax va Navoiy davlat pedagogika institutlarida qozoq tili va adabiyoti fakulteti va kafedralari tashkil etilgan. Samarqand davlat universitetida ochilayotgan ushbu markaz ham yoshlarimizga qozoq tilini o‘rgatishga xizmat qiladi. Tarixiy jihatdan biz bir xalq ildizlariga egamiz. Shu bois turkiy davlatlar uchun madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, xususan, universitetlar o‘rtasida hamkorlik, akademik almashinuv, qo‘shma, madaniy va ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish alohida ahamiyatga ega.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar o‘zbek, qozoq xalqlarining qadimdan bir tarixga egaligi, tili, dini, madaniyati, urf-odatlari bir-biriga yaqinligini e’tirof etishdi. Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov va Qozog‘iston vakillaridan iborat delegatsiya vakillari ramziy lentani kesishdi. Ikkala tomon bir-birlariga estalik sovg‘alari berdi.

Mehmonlar universitetda ochilgan Abay nomidagi fan va madaniyat markazi va qozoq tili va adabiyoti bo‘limi bilan tanishdi. Bo‘limda qozoq madaniyatini aks ettiruvchi o‘tov, turli adabiyotlar, talabalar uchun auditoriya mavjud.

Xurshida ERNAZAROVA,

Baxtiyor Mustanov (foto).