"Ming bir kecha" ertagidagi shaharga sayohat" — Ispaniyaning "Hola" onlayn nashrida Samarqand haqida maqola e’lon qilindi
"O‘zbekistonning eng unutilmas shaharlaridan biri – Samarqand Buyuk ipak yo‘lining barcha g‘oyalarini o‘ziga singdirgan va o‘zining mahobatli binolarida minglab afsonalarni jamlagan", – deb yozgan muallif.
"Ming bir kecha" ertagidagi shaharning barcha sehrini o‘ziga singdirgandek ko‘ringan O‘zbekistonning ikkinchi metropol shahri — Samarqand nomi kabi esda qolarli so‘zlar juda kam. Samarqand qadimda Sharq va G‘arbni abadiy bog‘lovchi savdo yo‘li bo‘lgan Ipak yo‘lining yuragi edi. Ushbu innovatsion yo‘nalish nafaqat ekzotik tovarlar, balki g‘oyalar va madaniyat almashinuviga ham xizmat qildi.
"Bugun, oradan asrlar o‘tib, Samarqand bo‘ylab sayr qilish tarixga qaytish imkonini beradi. Karvonlar qanday harakatlanayotgani his qilamiz, eng yaxshi matolarning nafisligi, qimmatbaho metallarning yaltirashi, daraxtlar va sharqona ziravorlarning xushbo‘y hidlari esa tasavvuringizni yanada oshiradi. Ushbu afsonaviy kentning mahobatli masjidlari, maqbaralari va minoralari sizni bir necha asr ortga qaytaradi, tarix bilan yuzlashtiradi", – deydi ispan jurnalisti.
Qayd etilishicha, 2700 yillik tarix bu noyob shaharning buyukligidan dalolat beradi. Samarqand buyuk Amir Temur saltanatining markazi hamdir.
"Ayniqsa, 15-17 asrlarda qurilgan uchta qadimiy madrasadan tashkil topgan – Registon maydoni juda hayratlanarli. Bu mahobatli binolar bir-biri bilan raqobatlashib, o‘z ustunligini isbotlashga urinayotgandek go‘yo", – deb yozgan Noeliya Ferreyro.
Ushbu maqola O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Ispaniya OAV vakillari uchun mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan press-tur ishtirokchisi, jurnalist Noeliya Ferreyro tomonidan yozilgan, deya xabar beradi «Dunyo» AA.