UNWTO Bosh kotibi O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan tabrik yo‘lladi

Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili o‘z tabrigi va tilaklarini bildirdi:
“Hurmatli hamkasblar, aziz do‘stlar!
30 yillik samarali hamkorligimiz munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni qabul qiling. Ko‘p yillik aloqalarimiz natijasida mamlakatingiz iqtisodiyot, madaniyat, shuningdek, turizm yo‘nalishlarida sezilarli natijalarga erishdi.
Butunjahon Turizm Tashkiloti hamda O‘zbekiston ishonchli sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan. Birgalikda mamlakatda turizmni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab turli loyihalarni amalga oshirdik. Biz doimo yagona maqsad – mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash va aholi farovonligini oshirish yo‘lida ish olib boramiz.
Fursatdan foydalanib O‘zbekiston hukumatiga o‘zbek xalqining madaniy merosini muhofaza qilish va targ‘ib qilish borasida olib borayotgan ishlari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi betakror shaharlar misolida buning isbotini ko‘rishimiz mumkin.
2023 yilda afsonaviy Samarqand shahri UNWTO Bosh Assambleyasining 21-sessiyasi munosabati bilan turizm olami yangiliklariga mezbonlik qiladi. Ishonchim komilki, ushbu tadbir muvaffaqiyatli o‘tadi. Shu bilan birga, o‘zbek xalqi o‘z mehmondo‘stligini yana bir bor butun dunyoga namoyish etadi va mamlakat madaniy merosidan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
O‘zbekiston va uning xalqiga ravnaq va omad tilayman! Katta rahmat, Samarqandda ko‘rishguncha!”