"Urgut" erkin iqtisodiy zonasida yiliga 30 ming tonna granula qayta ishlanadi
"Urgut" erkin iqtisodiy zonasining dasht hududi – Nurobod tumanidagi Sazag‘on qishlog‘ida "M-37" xalqaro magistral yo‘lda barpo etilgan mo‘’jazgina manzilda joylashgan. Yo‘lovchi va haydovchilar uchun sharoit, texnika, ustaxona, tamaddixona, 36 o‘rinli shinam mehmonxona, restoran – hammasi rivojlanish belgisi.
– Hozirga qadar 25 ta loyiha ishga tushirilib, 79 million dollar miqdorida investitsiya kiritildi. Shundan 20 million dollari xorijiy investitsiyani tashkil etadi, – deydi "Urgut" erkin iqtisodiy zona direksiyasi direktori o‘rinbosari Faffor Madarov. – Asosiy korxonalarimiz o‘tgan yilning oktyabr oyida dastlabki mahsulot ishlab chiqarishni boshladi va yil oxiriga qadar 294 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, 8,6 million so‘mlik mahsulot eksport qilindi. Navro‘z arafasida Sazag‘on massivida ikkita korxonamiz ishga tushirildi. Yaponiya davlati ishtirokida tashkil etilgan korxonaning loyiha qiymati 16,5 million dollardan iborat. Kiritilgan xorijiy investitsiya esa 10,550 ming dollar. Unda yiliga 30 ming tonna granula qayta ishlanadi va tomchilatib sug‘orish tizimi quvurlari, tibbiyot va iste’mol mollarini qadoqlash anjomlari ishlab chiqariladi.