Urgut hamda respublikamizdagi yana 13 ta tumanda huquqiy eksperiment tariqasida “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi

“Mahalla byudjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan va soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan tumanlarda “Mahalla byudjeti” tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etiladi:

Qoraqalpog‘iston — Beruniy tumani;
Andijon — Andijon tumani;
Buxoro — Olot tumani;
Jizzax — Zomin tumani;
Qashqadaryo — Qarshi tumani;
Navoiy — Karmana tumani;
Namangan — Uychi tumani;
Samarqand — Urgut tumani;
Surxondaryo — Jarqo‘rg‘on tumani;
Sirdaryo — Sayxunobod tumani;
Toshkent viloyati — Bo‘ka tumani;
Farg‘ona — Bag‘dod tumani;
Xorazm — Bog‘ot tumani;
Toshkent shahri — Uchtepa tumani.

Mazkur tumanlarda mol-mulk va yer solig‘i (noturar joylar bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi tuman byudjetlari orqali tegishli Jamg‘armalarga yo‘naltiriladi.

2023 yil 1 martgacha mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan, to‘langan mablag‘lar va soliq qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan mahallalar real vaqt rejimida foydalanishi imkoniyati yaratiladi.

“Mahalla byudjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqariladi.