Urgut maktablaridagi muammolarni kim bartaraf etadi? Sektor rahbarimi, xalq ta’limi mudirimi yoki direktor?

48-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kirish qismi obodonlashtirilgan. Maktab hovlisida anchagina foydalanish mumkin bo‘lgan yer maydoni esa qaqrab yotibdi.
Bino ichkarisida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Foyelarda yoritgich chiroqlari yo‘q, ayrim joylarda elektr simlari ochiq holda turibdi. Deraza oynalarining singan qismi skotchlab qo‘yilgan. Isitish trubalari abgor, ishlamaydi.
Kompyuter xonasidan boshqa sinfxonalarga quyosh nurini qaytaruvchi pardalar o‘rnatilmagan. Kimyo xonasidagi jo‘mraklardan suv kelmaydi, kanalizatsiya quvurlari yaroqsiz holga kelgan. Laboratoriya xonasida ham suv jo‘mraklari sinib, yaroqsiz holga kelgan. Sport zalining deraza oynalari yo‘qligi bois shisha o‘rniga bo‘z tortib qo‘yilgan. Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, qish kunlari bu xonalarni isitish uchun qancha ko‘mir sarflash mumkin?
Hududning old qismi temir panjaralar bilan to‘silgan, ammo orqa tomonda 110 metr joy ochiq. Aholining bemalol, hatto eshak bilan o‘tib ketayotganini uchratdik. Shuningdek, muassasa hududida aholiga tegishli transformator qurilgan. Uning atrofi hech qanday to‘siq bilan o‘ralmagan. Futbol maydonida tikan va toshlar qalashib yotibdi.
Maktab direktori G‘iyosiddin Rahimovning aytishicha, mazkur muammolar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga bir necha marta murojaat qilinsa-da, bu yerdagi holatga yechim topib beradigan odam topilmagan.
Kuzatilgan kamchiliklar yuzasidan sektor rahbari – tuman prokurori Ulug‘bek Hamdamov bilan bog‘landik.
– Maktabning atrofi o‘ralmagani bois sobiq direktor ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va uni javobgar qilib, sudga berdik, – dedi U.Hamdamov. – Hozir men "komandirovka"daman, qo‘limda hujjat yo‘q. Bu bo‘yicha siz bilan yordamchim bog‘lanib, ma’lumot beradi.
Sektor rahbarining gapidan so‘ng uning yordamchisini qo‘ng‘iroq qilib qolar deb rosa kutdik. Biroq na yordamchi bizga telefon qildi va na U.Hamdamov bilan bog‘lana oldik.
35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi katta yo‘l yoqasida joylashgan ekan. Shunday bo‘lsa-da (Odatda bunday joydagi maktablar xo‘jako‘rsin uchun bo‘lsa ham toza va ozoda bo‘ladi), hududda umuman obodonlashtirish ishlari olib borilmagan. Maktabning bir tomonida xas-xashaklarning uyulib yotgani kishi ta’bini xira qiladi. Eng achinarlisi, sport maydonlariga hech kim e’tibor qaratmagan. U yerdan faqat mol boqish uchun foydalanilganini o‘tlab yurgan mollardan ham bilish mumkin.
Oradan o‘n besh daqiqalar o‘tgach, muassasa rahbari Sunnatullo Xalilov kirib keldi. Uning aytishicha, 620 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan maktabda yangi o‘quv yilidan 1270 nafar o‘quvchi uch smenada tahsil olarkan.
Sinfxonalar mavsumga tayyor emas. Aksariyat xonalarning yoritgich chiroqlari ishlamaydi, partalarni chang bosgan. Ko‘p xonalar talab darajasida emas shekilli, direktor ochib bermadi va "Menda kalitlar yo‘q", deyishdan nariga o‘tmadi.
– Hudud devor bilan to‘liq o‘ralmagan, – deydi S.Halilov. – Mazkur va boshqa muammolar bo‘yicha tuman hokimligi va xalq ta’limi bo‘limiga bir necha marta uchrashdim, ammo foydasi bo‘lmayapti.
Maktabda kuzatilgan muammolar bo‘yicha sektor rahbari – tuman hokimi Mamatjon Turdiyev bilan bog‘langanimizda "Maktab ta’miri dasturga kiritilgan, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘rib chiqilyapti", dedi va bizga tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Isroil Jabborovning ma’lumot berishini aytdi. O‘rinbosardan esa tuman maktablaridagi kamchiliklar bosqichma-bosqich, navbati bilan bartaraf etilishi haqida javob oldik, xolos.
36-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yangi o‘quv yili uchun tayyorgarlik ishlari mutlaqo olib borilmagan. Ayrim ishlar "bo‘ladi-da" qabilida amalga oshirilgan. Obodonlashtirish ishlari haqida mutasaddilar o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Atrof begona o‘tlardan tozalanmagan, pala-partish yotgan narsalar talaygina. Sport maydoniga asfalt qoplangan. Hududning 215 metr joyi ochiq, aholi bemalol yuribdi.
Bino devorlarining yorilib, nurash arafasidagi joylari bor. Derazalarning ayrimlari oyna o‘rniga tunukalar bilan qoplangan.
Ayrim sinfxonalarni ko‘ra oldik. Ularni yangi o‘quv yiliga tayyor deb bo‘lmaydi. Masalan, kimyo xonasida hech qanday tajriba olib borish uchun sharoit yo‘q. Suv jo‘mraklari o‘rnatilmagan, kanalizatsiya trubalariga chiqindi kirib, to‘lib qolgan. Boshqa xonalarni esa direktor bizga ko‘rsatishni istamadi. Osongina qilib, "Kaliti yo‘q edi-da", deya vaziyatdan chiqishni ma’qul ko‘rdi. Ba’zi ochiq qolgan xonalarni ko‘rishimizni xohlamadi va qarshilik ko‘rsatishga o‘tdi.
Maktabda o‘quv jarayoni uchta binoda o‘tilar ekan. Boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan ingliz tili xonasiga amallab kirdik. Sinfxonada elektr chiroqlari o‘rnatilmagan, shkaflarda chiqindi yig‘ilib qolgan, bannerlar pala-partish qalashib yotibdi.
– Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun moddiy mablag‘imiz yo‘q, – deydi muassasa direktori Mohira Mamadaliyeva. – Tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qildim, ammo hech kim menga yordam berishni istamayapti. Har doim "Qilib beramiz", degan gapdan nariga o‘tishmaydi.
Mazkur maktab sektor rahbari – tuman hokimi Mamatjon Turdiyevning hududida joylashgan.
30-umumiy o‘rta ta’lim maktabidamiz. Muassasada obodonlashtirish ishlarini olib borishga harakat qilingan. Biroq 480 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan maktabda yangi o‘quv yilidan boshlab 1442 nafar o‘quvchiga uch smenada dars o‘tiladi. Maktab direktori Salohiddin Hotamovning aytishicha, o‘quv yili boshlanishi bilan 11 ta sinf o‘quvchilarini bir yarim kilometr uzoqlikdagi G‘o‘s maishiy xizmat va servis kasb-hunar kollejiga borib o‘qishi rejalashtirilgan. Qizig‘i, 5 daqiqalik tanaffus vaqtida o‘qituvchi maktabdan kollejga va kollejdan maktabga borib ulgurishi kerak. Savol tug‘iladi. Buning iloji bormikan?
Bu maktabda ham o‘quv jarayoni uchta binoda amalga oshiriladi. Xonalarning yetishmagani bois direktor qizlarning sport zali yonidagi yuvinish xonasida, direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari esa qizlarning kiyinish xonasida ish olib boryapti.
Yangi o‘quv yili boshlanay deb turibdi-yu, biroq sinfxonalarda tayyorgarlik ishlari yo‘q. Direktor ham yuqoridagi muammolar sabab qo‘li ishga bormasligini ta’kidladi. Boshlang‘ich sinflarning dars o‘tadigan bino xonalaridagi ahvol kishini vahimaga soladi. Bir paytlar tibbiy muassasa bo‘lgan xonalarda bugun o‘quvchilar bilim olyapti. Pollari allaqachon sinib, yaroqsiz holga kelgan. Deraza oynalariga pol bo‘yoqlari surtilgani bois xonada hech narsani ko‘rishning iloji yo‘q. Hatto elektr chiroqlari ham o‘rnatilmagan.
– Bu xonalarda qishin-yozin bolalarga dars o‘taman, – deydi o‘qituvchi A.O‘roqov. – O‘tgan yili polning orasidan ilon o‘rmalab chiqdi. Ochig‘i, o‘zim ham shu xonada o‘tirib, dars berishga cho‘chib turaman. Chunki bir-necha marta chayon va boshqa turdagi qo‘rqinchli hasharotlarni ushlab, o‘ldirgan joylarim bo‘ldi. Yana bir tashvishli tomoni – 18 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan xonada 30 nafar bolaga dars beraman. Negaki, xonalar yetishmaydi, boshqa ilojimiz yo‘q.
Mazkur xonalarning tom qismi ham ayanchli holga kelib qolgan, tirqishlardan xas-xashaklar tushgan. Umuman olganda, bino avariya holatida. Bizningcha, ota-onalar farzandlarining shu xonalarda o‘qishini bilmaydi, bilganlari ham majburan o‘qitayotgan bo‘lsa ajabmas.
– Sektor rahbari biror marta kelib, kamchilik va muammolarimiz bilan qiziqqan emas, – deydi muassasa rahbari S.Hotamov. – Bormagan joyim, kirmagan eshigim qolmadi, qop-qop va’dalarni eshityapman, ammo natija yo‘q. To‘g‘risi, kimga uchrashishni bilmay qoldim.
Muassasadagi kamchilik va muammolar yuzasidan sektor rahbari – tuman IIB boshlig‘i Akram Halimov bilan bog‘landik.
– Bugun-erta shaharga katta mehmonlar kelyapti, o‘shanga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, – deydi A.Halimov. – Ertadan maktab bilan shug‘ullanamiz, o‘zimiz qiladigan ish-ku, muammolar hal bo‘ladi.
Bor gap shu. Yaxshiyam Urgutda bir kun bo‘ldik va bor-yo‘g‘i to‘rtta maktabdagi ahvolni o‘rgandik…
Abdujabbor PO‘LATOV,
Bahriddin XONKELDIYeV,
"Zarafshon" muxbirlari.