Urgut tumani hokimligi ommaviy zaharlanish haqidagi xabarga izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanidagi Jozmon mahallasidagi to‘yxonada ommaviy zaharlanish va odamlarning yuqori temperatura tashxisi bilan shifokorga murojaat qilganligi haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan tuman hokimligi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 19 iyul kuni kech soat 22:00 atrofida Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ikki nafar bemor oziq-ovqatdan o‘tkir zaharlanishda gumon tashxisi bilan bo‘limga olib kelingan.
Bemorlar bilan suhbatda ular to‘yda turli salatlar yeganini ma’lum qilishgan. Shifokorlar tomonidan kelgan bemorlarga kerakli muolajalar o‘tkazilgan.
Tuman sanitariya va osoyishtalik markazi xodimlari hamda uchastka tibbiyot xodimlari bemorlarning yashash hududida kasallikka gumon qilinganlarni tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar shifoxonasiga - kuzatuvga olib kelgan.
Gumondorlar tekshiruvdan o‘tkazilib, qoniqarli ahvoldaligi sababli uyiga javob berilgan. Hozirgi vaqtda shifoxonada ikki nafar bemor kuzatuvda. Ularning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda.
"Holat Jozmon mahallasida deb noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Holat Urgut tumanining G‘ishtmachit mahallasida sodir bo‘lgan.
Urgut tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limi 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, COVID-19 bilan kasallangan bemorlar uchun qo‘shimcha 10 ta o‘rin tashkil etilgan. Ayni paytda yuqumli kasalliklar bo‘limida 85 nafar bemor davolanmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 200 nafarga yaqin odam Urgut tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida yotibdi, deb tarqalgan xabar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.