Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limiga mudir tayinlandi

Kecha, 18 fevral kuni Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab tuman hokimi M.Turdiyev, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Mamarasulov so‘zga chiqib, xalq ta’limi sohasini rivojlantirish, o‘qituvchi nufuzini oshirish borasida davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etishdi.
Viloyat xalq ta’limi tizimidagi muammo va kamchiliklar, jumladan, tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim muassasalarida yechimini kutib turgan masalalar tilga olindi. Pedagogik jamoaning hamjihatlikda bu muammolarning oldini olish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Xalq ta’limi vazirining buyrug‘iga muvofiq, Oblomurodov Baxtiyor Qurbonovich Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limining mudiri etib tayinlandi.
B.Oblomurodov ayni paytga qadar Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limida turli vazifalarda ishlab kelgan.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.