Urgut tumanining Bulung‘ur, Jizzax viloyati va Tojikiston bilan chegaradosh mahallasida ahvol qanday?

  • Aholining ishsizlik, ichimlik suvi, yo‘l muammosi bosqichma-bosqich bartaraf etilyapti.
  • Tomorqalarda “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida piyoz yetishtiriladi.
  • Maktab binosidagi favqulodda vaziyatlarda chiqish mumkin bo‘lgan yo‘llar berk.
  • Gazetalar vaqtida yetib bormayapti.
  • Stadion xas-xashaklardan tozalanmagan.
  • Maktabgacha ta’lim tashkiloti xonalarining issiqligi ko‘ngildagidek emas.

Urgut tumanining Rahmatobod mahallasida bo‘lib, ana shunday holatlarga duch keldik.

Endi aholi kanaldan suv ichmaydi

Mahalla tumanning eng chekka hududida joylashgan bo‘lib, Bulung‘ur tumani, Jizzax viloyati va Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Aholining aksariyat qismini uzoq vaqtdan beri ishsizlik, ichimlik suvi, elektr energiyasi va yo‘l muammolari qiynab kelardi. Keyingi yillarda bu masalalarga yechim topilmoqda.

- Ikki yil ichida mahallamiz asosiy yo‘llarining 2 kilometri asfaltlandi, - deydi “Rahmatobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zokir Eshonqulov. – Tuproq ko‘chlarimizga shag‘al yotqizildi. Saroy qishlog‘i aholisi ichimlik suvini uzoq masofadan tashib kelardi, ayrimlari esa mahalla hududidan oqib o‘tgan kanal suvidan iste’mol qilishga majbur edi. O‘tgan yili yangi suv inshooti qurilib, 100 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Mahallamizdagi tadbirkorlardan birining homiyligida artezian qudug‘i qazilib, yana 70 ta xonadonning ichimlik suvi muammosi bartaraf etilyapti.

- Mahallamizda o‘zgarishlar katta, muammolarga yechim topilyapti, - deydi mehnat faxriysi Ahror Oripov. – Aholi farovonligi oshmoqda. Tomorqalarda asosan piyoz yetishtiriladi. O‘tgan yili oddiy bir xonadon egasi piyozdan kamida 30 tonnagacha hosil oldi.

Imtiyozli kreditlar yoshlarga imkoniyat yaratdi

Mahallada hokim yordamchisi faoliyat boshlagandan beri 37 nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratilib, o‘nlab ishsizlar bandligi ta’minlandi. Ramazon Ahmedov maktabni bitirganiga to‘rt yil bo‘lgan. Shu vaqt davomida uni ishsizlik muammosi qiynar edi.

- O‘tgan yili menga 22 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi, - deydi u. – Bu mablag‘ evaziga 6 bosh zotdor qo‘y sotib oldim. Uch bosh qo‘yim qo‘ziladi. Biri egiz tug‘di. Hali bir yil bo‘lmasdan ularning soni 10 boshga yetdi. Shuningdek, 30 sotix yer ajratildi.

- Ishsizlik meni juda qiynardi, - deydi mahalla yoshlaridan yana biri Dadaxon Berkinov. - Xorijda ham ishlab keldim. Birim ikki bo‘lmadi. O‘tgan yili hokim yordamchisi tavsiyasi bilan imtiyozli kredit evaziga aravachali mototsikl sotib oldim. Bu qishloqdoshlarimning og‘irini yengil qilish bilan birga ro‘zg‘orimga daromad keltiryapti. Kuniga 250-300 ming so‘m topyapman.

Kutubxona ham foyeda joylashgan, xonalar sovuq

Mahalladagi 76-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi zamonaviy, ammo 240 o‘ringa mo‘ljallangan. Bugungi kunda bu yerda 345 nafar o‘quvchi ta’lim oladi.

- Qo‘shimcha binoga ehtiyojimiz bor, - deydi maktab direktori o‘rinbosari Zohid Yoqubov. - Maktabda 16 ta sinf mavjud. Ikki navbatda dars o‘tiladi. Ma’naviyat hamda o‘qituvchilar xonalari sifatida koridorning bir chetidan foydalaniladi. Shuning uchun maktab binosidagi favqulodda vaziyatlarda chiqish mumkin bo‘lgan yo‘llar berk. Sport zali 2023 yilda qurilishi rejalashtirilgan.

Kutubxona ham foyeda joylashgan. Badiiy adabiyotlar kam. Gazeta va jurnallarning yangi sonlarini bu yerdan topish qiyin.

- Shaxsan o‘zim “Zarafshon” va “Urgut sadosi” gazetalariga obuna bo‘lganman, - deydi maktab direktori Sohib Razzoqov. – Ammo 2023 yil boshidan beri gazetalar yetib kelgani yo‘q. 

Maktabda, shuningdek, hududda joylashgan 12-maktabgacha ta’lim tashkilotida ham xonalar issiqligi ko‘ngildagidek emas. Sababi, qozonxonaning suvni harakatlantirish uskunasi elektr energiyasi yordamida ishlaydi. Elektr energiyasidagi uzilishlar esa odatiy holga aylangan.

Mahallaning yana bir katta muammosi biri uyali telefonlar uchun aloqaning sustligi.

Xas-xashakdan tozalanmagan stadion

Mahalladan qaytayotganimizda katta bir stadionning yarmida bolalar futbol o‘ynayotganiga ko‘zimiz tushdi. Nega stadionning yarmida? Sababi, yarmi xas-xashaklardan tozalanmagan. Stadion yonida hashar yo‘li bilan sport maydonchasi ham barpo etilgan.

- Bizga zamonaviy stadion kerak, - deydi qishloq yoshlaridan biri Anvar Xidirov. – Hozircha mana shu maydonda changdayam, loydayam, qordayam futbol o‘ynab turibmiz.

***

Mahallaning yutuqlari o‘z yo‘liga, aholini qiynayotgan suv muammosi yechimining oxiriga yetishi, elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalar hal etilishida mutasaddilar mas’uliyatli va e’tiborli bo‘lsa yaxshi bo‘lardi.

P/S: Maqola tayyorlanish jarayonida mahalla yoshlar yetakchisidan xabar keldi. Hududdagi futbol maydoni tozalanibdi.

To‘lqin Siddiqov,

Husan Eltoyev,

Jasurbek Shukurov.