Urgutda 102-saylov uchastkasi mavjud emas. Ammo saylovchilar bildirgan e’tirozlar o‘rganib chiqiladi
Shu yilning 23 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Saylovlarda hammasi ko‘zbo‘yamachilik bo‘ldi. Nomzodning odamlari har soatda kelib, saylov qutisiga pachka-pachkalab ovoz tashladi. Prezidentning gaplari bir tiyinga olinmadi (Samarqand, Urgut tumanidagi 102-saylov uchastkasi)” mazmunida xabarlar tarqatildi.
Samarqand viloyat saylov komissiyasining ma’lumot berishicha, Urgut tumanida 102-saylov uchastkasi mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, ushbu masala Urgut tumani misolida yana bir bor o‘rganib chiqiladi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qonunbuzilish holati aniqlansa, belgilangan tartibda chora ko‘rilishi ta’minlanadi.
Xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limi.