Urgutda hamon sifatsiz go‘sht sotilmoqda, mutasaddilar esa mum "tishlab" o‘tiribdi
Yig‘ilishda mavjud go‘sht do‘konlarining 48 foizi yoki 402 tasi noqonuniy (uy sharoitida), veterinariya-sanitariya talablariga zid ravishda faoliyat yuritayotgani keskin tanqid qilingandi. Achchiq bir savol bor: veterinariya xizmati xodimlari tizimda tartib o‘rnatishga qachondan kirishadi?
Avvalroq, 7 iyun kuni telegram kanalimizda “Urgut bozorida sotilayotgan go‘sht hidiyam, ko‘rinishiyam ta’bni xira qiladi” mavzusida murojaat e’lon qilingan edi.
Obunachilarimiz ma’lumoti asosida e’lon qilingan xabarga viloyat sanitariya-epidemilogik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Unda go‘sht mahsulotlari sifati bilan bog‘liq holatlarga veterinariya xizmati mutaxassislari javobgar va mas’ul ekanligi qayd etilgan edi.
Shunday bo‘lsa-da, “SES” xodimlari holatni o‘rganib, bozordagi veterinariya xizmati xodimi mas’uliyatsizlik qilayotgani, laboratoriyasi mutlaqo talabga javob bermasligini ma’lum qilgandi.
Afsuski, holat yuzasidan Urgut tumani veterinariya va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘iga bildirish xati kiritilgan bo‘lsa-da, na sotilayotgan sifatsiz go‘sht haqida, na xodimini insofga chaqirganligi haqida ma’lum qilinmadi.
Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi, deganlari shu bo‘lsa kerak. Obunachilarimiz Urgut tumani “Dehqonobod dehqon bozori” MChJda ko‘rinishiyam, hidiyam ta’bni xira qiladigan go‘sht hamon sotilayotganini bildirmoqda.
Tabiiy savol tug‘iladi, veterinariya xizmatida funksional vazifasiga mas’uliyat bilan yondoshadigan mutasaddi bormikan?
Axir viloyat hokimligining o‘tgan hafta bo‘lgan apparat yig‘ilishida ham ayni shu masala muhokama qilinib, ularga viloyatimizda sotilayotgan go‘sht mahsulotlari sifati ustidan nazoratni kuchaytirish topshirig‘i berilgan edi-ku.
Ayni shu yig‘ilishda mavjud go‘sht do‘konlarining 48 foizi yoki 402 tasi noqonuniy (uy sharoitida), veterinariya-sanitariya talablariga zid ravishda faoliyat yuritayotgani keskin tanqid qilingandi. Achchiq bo‘lsa-da aytish kerak, veterinariya xizmati xodimlari jig‘ildonini emas, xalqni qachon o‘ylaydi?