Urgutda to‘ldirilgan gaz ballonlari tarqatishda ortiqcha pul olinayotgani rostmi?
Shanba kuni tahririyatimizga Urgut tumani Sariqtepa mahallasidan Haqberdi Nodirov, Abdulla Abdurahimov imzosi bilan shikoyat xati keldi. Ular qishloqda gaz to‘ldirilgan ballonlar tarqatishda ortiqcha pul olinayotgani, tuman gaz idorasida "bir guruh olg‘irlar joylashib olgani"ni yozishgan.
"O‘ztransgaz" UK gaz tarqatish bo‘yicha Samarqand viloyat filiali rahbari vazifasini bajaruvchi X.Bobomurodov bilan bog‘lanib, shikoyat mazmunini aytdik.
– Men ishdaman, – dedi u, – bugun ayrim mutasaddilar bilan aynan shu masalani muhokama qilyapmiz. Xatning nusxasini tashlab bering, Urgutda yurgan vakillarim hoziroq masalaga oydinlik kiritadi.
Xat nusxasini jo‘natdik, masala o‘sha kuniyoq o‘rganildi. Dushanba kuni dalolatnoma va shikoyatchining tushuntirish xati tahririyatga yetkazildi. Ma’lum bo‘lishicha, mualliflar ikkinchi zaxira gaz balloni so‘raganda (har bir xo‘jalikka bitta gaz balloni beriladi) rad javobini olgach, jahl ustida shikoyat yozgan ekan. Mahalla oqsoqoli tasdiqlagan dalolatnomaga asosan Sariqtepa mahallasiga 8, 9, 10 yanvar kunlari 300 ta gaz balloni 19 ming so‘mdan tarqatilgan.
Mayli, natija qanday tugaganidan qat’i nazar, qish mavsumida gaz idorasi rahbarining hushyor turishi e’tiborli.
– Aholining fikri biz uchun muhim, – dedi X.Bobomurodov. – Har bir mahalla idorasida gaz ballon narxi, tarqatilish muddatini, e’tirozlar uchun telefon raqamlarini yozib qo‘yganmiz. Hamma nozirlarim ham bir xilda mas’uliyat bilan ishlaydi, deb aytolmayman. Yaqinda Payariq tumanida gaz balloni tarqatishda ortiqcha pul olganligi uchun ayrim xodimlarimiz ishi prokuraturaga berildi. Jomboy va Past Darg‘om tumanlaridan ham shunday hujjatlar tayyorlandi. Biroq jamoatchilik hushyor tursa, bunday kamchiliklarning oldini olish oson kechadi. Shu sababli biz aholidan gaz ballonlari tarqatish bilan bog‘liq masala, muammo yuzasidan (66) 239-78-18 raqamli telefonga xabar berishlarini so‘raymiz.
F.ISHOQOV.