Urgutdagi “Do‘stlik” oromgohi rekonstruksiyadan so‘ng yana faoliyat boshladi
Urgut tumanining Omonqo‘ton mahallasi hududida joylashgan sobiq “Do‘stlik” bolalar oromgohi o‘rnida “Do‘stlik mountain resort” xususiy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2020 yil 28 avgustdagi hamda viloyat hokimining shu yil 29 avgustdagi tegishli qarorlari asosida “Zamin travel” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nol qiymatda investitsiya kiritish majburiyati bilan berilgan oromgoh o‘rnida zamon talablariga mos bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ish boshladi. Loyiha qiymati 23 milliard so‘m bo‘lib, yangi muassasaning ishga tushirilishi natijasida 30 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Oromgohning foydalanishga topshirish tadbirida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, tuman hokimi Botir Jabborov ishtirok etib, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’yektlariga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini alohida ta’kidlashdi. Loyiha tashabbuskorlari tomonidan hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari yuqori baholanib, ularning qo‘shimcha loyiha — sihatgoh qurish rejasi to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum qilindi.
- Loyiha bo‘yicha birinchi bosqichda sobiq “Do‘stlik” oromgohi o‘rnida zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish maskani bunyod etish ko‘zda tutilgan edi, - deydi oromgoh direktori Abduvali Qo‘shanov. – Bugungi kunda birinchi bosqichda belgilangan reja to‘liq amalga oshirildi. 160 o‘ringa ega zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ishga tushirildi. Mavsum davomida 320 nafar bolalarning hordiq chiqarib, sog‘lomlashtirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bunda asosiy binodan tashqari 200 o‘rinli oshxona, mini-futbol, voleybol, basketbol maydonlari, basseyn, har bir guruh uchun suhbat maydonchalari, amfiteatr o‘rin olgan. Kelgusida bolalarga mazmunli horliq chiqarishlari uchun tog‘ turizmi bo‘yicha hududdagi o‘rmon xo‘jaligi bo‘ylab sayohat yo‘laklari tashkil qilinadi.
Viloyat madaniyat va turizm boshqarmasi axborot xizmatidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda umumiy qiymati 5,9 trillion so‘mlik 180 ta loyiha ishga tushirilib, turizm va unga yo‘ldosh xizmatlar ko‘rsatish sohasida 5,5 ming nafar yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bunda 55 ta joylashtirish vositalari, 41 ta dam olish va ko‘ngilochar maskanlar, 45 ta umumiy ovqatlanish va 39 ta boshqa turizm loyihalari amalga oshirilishi belgilangan. “Zamin travel” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning ikkinchi bosqichi ham aynan ushbu loyihalar sirasiga kiradi. Ikkinchi bosqichda shartnomaga muvofiq, 100 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona qurilishi belgilangan. Ikkinchi bosqich joriy yil yakuni va 2024 yil boshida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
- Omonqo‘ton mahallasining tabiati o‘ziga xos bo‘lganligi bois, ushbu hududda sog‘lomlashtirish maskanlarining tashkil qilinishi har jihatdan muhim, - deydi loyiha tashabbuskori, “Zamin travel” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Isrofil Usanov. – Loyihaning ikkinchi bosqichida uch yulduzli mehmonxona qurishni rejalashtirganmiz. Bunda yozgi, qishki basseynlar, konferensiya zali, restoran o‘rin oladi. Hududimiz katta bo‘lganligi bois, shartnoma majburiyatlarida dam olish kempinglari qurilishi ko‘zda tutilgan edi. Tuman hokimligi tomonidan hududda sihatgoh tashkl qilish taklifi bildirildi. Ushbu taklif bizga ma’qul keldi va loyihaga 200 o‘rinli sihatgoh tashkil qilish qo‘shimchasini kiritayapmiz. Bunda yana 2 million dollar investitsiya kiritish ko‘zda tutilmoqda. Nasib bo‘lsa, ushbu loyihalarni amalga oshirib, yurtimiz aholisi, qolaversa, xorijlik mehmonlar uchun munosib dam olish komleksi bunyod etamiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.