Urgutdagi korxonada tish pastalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Urgut tumanida jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab tumanning Sariqtepa hududida joylashgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati va “Elektro-lyuks” korxonasida tashkil etilgan ko‘rgazma paviloni bilan tanishildi. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “JM Plastik” korxonasida bolalar uchun turli xil o‘yinchoqlar ishlab chiqarilmoqda.
- Xitoydan uskunalar keltirib, 48 nafar ishchi bilan mahalliy xomashyodan 80 turdan ortiq bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishni boshladik, - deydi “JM Plastik” korxonasi rahbari G‘ayrat To‘rayev. – Hozirda mahsulotimizni ichki bozordan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlariga sotyapmiz. Yaqinda Afg‘oniston bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Korxonamizda yiliga 35 ming donagacha mahsulot tayyorlanadi va uning 60 foizi, ya’ni 600-650 ming dollarlik mahsulot eksportga chiqariladi.
Iqtisodiy zonada joylashgan “YEC gilamlari” korxonasida oddiy granuladan tayyor va bejirim gilam mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulotgacha to‘rt bosqich bajariladigan korxonada dastlab granuladan zarur rangdagi ip tayyorlanadi. So‘ngra korxona sexlarida bosqichma-bosqich jarayonlar davom etib, yakunda tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Ahamiyatlisi, Bangladesh davlatidan keltiriladigan kanapni aytmasa gilam uchun ishlatiladigan 15 turdagi xomashyoning barchasi mahalliy korxonalardan olinadi. 200 nafar ishchi mehnat qiladigan korxonada Turkiya, Belgiya va boshqa davlatlarning ilg‘or texnologiyalari o‘rnatilib, yiliga 1 million 250 ming kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlari tayyorlanmoqda.
- Ushbu loyiha 20 million yevro miqdoridagi mablag‘ hisobidan tashkil etildi, - deydi korxona rahbari Asliddin Salohiddinov. – Hozirda yiliga faqat ipning o‘zidan 5400 tonna, gilamdan esa 1 million 200 ming kvadrat metr mahsulot tayyorlanadi. Mahsulot qo‘shni davlatlardan tashqari, Ozarbayjon, Armaniston va Yaponiyaga, keyingi yildan esa AQShga gilam eksport qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari iqtisodiy zonada 2 million dollar mablag‘ hisobidan bunyod etilgan “Urgut mikro-metall” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan mahsulotlar bilan tanishdi. Ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan korxonada bugungi kunda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan bolalar tagliklari, skotch, tish cho‘tkasi va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda. Xorijning ilg‘or texnologiyalari yordamida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozordan tashqari, MDH davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Keyingi yildan esa korxonada tish pastalari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV.