Urgutdagi Xalq qabulxonasiga tushgan 8349 murojaatdan 6 mingdan ortig‘i ijobiy hal etilgan
Shu yilning o‘tgan 10 oyi davomida tumandagi Xalq qabulxonasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, aholi murojaatlarining o‘rganilishi va ularning amaldagi ijrosi bilan tanishdik.
Xalq qabulxonasi mudiri Abduaziz Xudoyberdiyevning ta’kidlishicha, o‘tgan davr mobaynida jismoniy va yuridik shaxslardan 8349 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 6101 tasi yoki 78,9 foizi qanoatlantirilgan. 1357 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan va 615 tasi o‘rganishdagi murojaatlarni tashkil etmoqda.
- Xalqning dardini, murojaatlarini eshitish, ularga yechim topish asosiy vazifamiz, - deydi A.Xudoyberdiyev. - Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida aholi tomonidan qabulxonamizga asosan bolalar nafaqasi (654 ta), aliment undirish (475 ta), elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar (291 ta), suyultirilgan gaz bilan ta’minlash (259 ta), uy-joy (181 ta), mahalla ichki yo‘llarini ta’mirlash (176 ta), davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam (137 ta) bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushdi.
Xalq qabulxonasiga tumanning Chag‘izmon, Quyi Torinjak, Choshtepa mahallalaridan eng ko‘p yo‘l, elektr, suyultirilgan gaz va ichimlik suvi ta’minoti, aloqa (internet) tarmog‘i hamda ijtimoiy ob’yektlardagi muammolar yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Joriy yil mart oyida mahallamizdagi muammolar yuzasidan tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edik, - deydi Chag‘izmon mahallasi raisi Asqar Mahmudov. – Tuman va viloyat Xalq qabulxonalari hamda viloyat hokimligining amaliy yordami bilan iyul oyida mahallamiz aholisiga 50 dona maishiy gaz ballon berildi. 1 kilometr masofaga aloqa tarmog‘i hamda 1 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Mahallamizdagi ikkita ko‘chada 6,4 kilometr masofada asfalt yotqizildi. Hozirgi kunda 1978 yilda qurilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida rekonstruksiya hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.
Quyi Torinjak mahallasida yashovchi M.Mahmudov Xalq qabulxonasiga hududdagi aholining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash yuzasidan murojaat qilgan. Mazkur murojaat asosida mahalla hududiga qo‘shimcha 100 kilovattli yangi transformator punkti o‘rnatish uchun mahalliy byudjet hisobidan 60 million so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashining qarori qabul qilinib, yangi transformator hamda 8 ta elektr beton ustunlari o‘rnatilgan, 400 metr elektr tarmog‘i tortilgan. Natijada mahalladagi 50 ta xonadonning elektr ta’minoti yaxshilangan.
Choshtepa mahallasi tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, Choshtepa, Qumbelsoy va Polvon qishloqlaridan iborat. Mahallada 3272 nafar aholi istiqomat qiladi.
Mahalla raisi Umid Ro‘ziqulovning aytishicha, hududlarni obodonlashtirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish tadbirlari davomida mahalladagi qabriston obodonlashtirilgan, aholi xonadonlariga 150 tonna ko‘mir va 80 ta suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilgan, 2 ta ijtimoiy soha ob’yektlarini isitish tizimlari tekshirilib, mo‘rilari tozlangan. Shuningdek, tumandagi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan Bojxona qo‘mitasi, viloyat va tuman hokimliklari hamkorligida hamda tadbirkorlarning homiylik mablag‘lari xisobidan mahallada uzunligi 700 metr, kengligi 4 metr bo‘lgan tuproq va qum-shag‘al yo‘llarga asfalt yotqizilgan.
Aytish joizki, ushbu mahallada o‘tgan yili “Obod qishloq” davlat dasturi asosida belgilangan reja asosida 1,885 kilometr asfalt yotqizish, 10,3 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortish, 3 ta yangi artezian qudug‘i qazish, 2 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil etish, 55 ta simyog‘ochlarni almashtirish, 50 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, 1 kilometr aloqa tarmog‘i tortish hamda aholiga 53 dona maishiy gaz ballon bilan ta’minlash ishlari to‘liq bajarilgan.
Sektor rahbarlarining joylarda o‘tkazayotgan sayyor qabullarida ham aholini qiynayotgan masalalarga yechim topilmoqda. Jumladan, 3-sektor rahbarining shu yil 12 may kuni To‘rtko‘l mahallasida o‘tkazgan sayyor qabulida G‘ijduvon mahallasida yashovchi Muhammadi Rahmonov mahallaning asosiy ichki yo‘lini shag‘allashtirishda amaliy yordam so‘ragan. Bu masala bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy ish olib borilib, 1 kilometr ichki ko‘chaga shag‘al yotqizilgan.
To‘rtinchi sektor rahbari ham Bog‘ishamol mahallasidagi sayyor qabulda qilingan murojaat asosida Katta Torinjak mahallasidagi yaroqsiz holga kelgan aloqa tarmog‘i beton ustunlarini almashtirishga yordam bergan va 150 metr aloqa tarmog‘i tortilgan.
Tumandagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilganlar orasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida subsidiya asosida asbob-uskuna yoki imtiyozli kredit so‘ragan ishsiz fuqarolar ham bor. Hozirda ular tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mahalladoshlarini ham ish bilan band qilgan. Ana shunday fuqarolardan biri Beshkapa mahallasida yashovchi “Zarina sifat textil” MChJ rahbari Zarina Rasulovadir.
- Ikki yil oldin “Ayollar daftari”ga kiritilgan edim, - deydi Z.Rasulova. - Tadbirkorlik faoliyatimni boshlash va imtiyozli kredit olish maqsadida tumandagi Xalq qabulxonasiga murojaat qildim. Shundan keyin 15 million so‘m imtiyozli kredit berildi. Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan binoda tikuvchilik sexi tashkil qildim va besh nafar xotin-qiz bilan faoliyatimni boshladim.
Sexda milliy choponning yarim tayyor mahsulotini bitirib, dastlab savdogarlarga sotgan bo‘lsak, ishlarimiz rivojlanib, keyinchalik o‘zimiz bozorga sotdik va zavodlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydik. Ayni paytda Urgut, Oqdaryo va Nurobodda 600 nafardan ziyod xotin-qizlar kasanachilik bilan shug‘ullanmoqda. Yaqinda Nurobod tumanining olis qishloqlaridan biri - Jomda ham sex tashkil qildik, tumandagi 3-maktabda, Ulus va Do‘stlik mahallalarida ham xotin-qizlarning kasanachilik bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.