Urgutlik fermerlarni kim chuv tushirdi?

Fermerlar mazkur ekinning serdaromad va eksportbop ekanligi haqidagi ma’lumotlarni eshitib, qalampirdan mo‘l hosil olib yuqori daromadga ega bo‘lishni niyat qilgandi. Afsuski, ularning bu niyati amalga oshmadi.

Gap shundaki, mavsum avvalida urgutlik fermer xo‘jaliklari hamda Toshkent shahrida joylashgan “General Manchinery Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida achchiq qalampir ko‘chati yetkazib berish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, “General Manchinery Group” MChJ achchiq qalampir ekilishi rejalashtirilgan maydonlarning teng yarmiga  (har bir donasini 70 so‘mdan) mahalliy va qolgan qismiga (har bir donasi 100 so‘mdan) chet eldan keltirilgan achchiq qalampir ko‘chati yetkazib berishi kerak edi. Buning uchun joriy yilning may oyida “Agrobank” ATBning Urgut filiali 177 ta fermer xo‘jaligi hisobidan jami 1 mlrd. 59 mln. 284 ming so‘m pul mablag‘ini ko‘chat yetkazib beruvchining “Agrobank” ATB Toshkent filialidagi hisob raqamiga ko‘chirib beradi.

Ammo, “General Manchinery Group” MChJ shartnoma shartlarini qo‘pol ravishda buzib, 96 fermer xo‘jaligiga 2 mln. 340 ming dona mahalliy ko‘chatni xorijdan keltirilgan deb, aldab tarqatgan. Oqibatda fermerlar rejadagi hosilni yetishtira olmadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Urgut tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida “General Manchinery Group” MChJning tumandagi fermer xo‘jaliklarga tegishli bo‘lgan 70 mln. 200 ming so‘mlik, ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lgan kiritganligi aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Abduvali XUDOYOROV,

Bosh prokuratura huzuridagi agroinspeksiya

viloyat boshqarmasi bosh inspektori.