Urgutliklar Nukusda yangi korxonalar tashkil etmoqchi
Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama rivojlantirish, aholi uchun yangi ish o‘rinlari va munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishga ko‘maklashish maqsadida mamlakatimiz hududlari ushbu mintaqadagi tumanlarga biriktirilgan edi.
Jumladan, Samarqand viloyati Nukus tumanini o‘z tajribasi asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yordam berib kelmoqda. 2022 yilda mazkur tumanda urgutlik tadbirkorlar ko‘magida bozor va savdo kompleksi tashkil etilgandi. Ayni paytda bu yerda Urgutda tayyorlangan turli xil kiyim-kechak, maishiy texnika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotilmoqda. Ayrim tadbirkorlar esa nukuslik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda trikotaj korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Bu ishlarni davom ettirish maqsadida ushbu haftada Urgut tumani hokimi B.Jabborov boshchiligida yana bir guruh tadbirkorlar Nukusda bo‘lib, joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalarni mahalliy hokimlik va tashabbuskorlar bilan muhokama qildi.
Muhokama davomida urgutliklar ko‘magida Nukusda o‘nga yaqinga korxona tashkil etishga kelishib olindi. Shuningdek, savdo kompleksida aholining talab va taklifidan kelib chiqib, qo‘shimcha savdo va maishiy xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari mavjudligi qayd etilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
– Bugungi kunda Nukusda korxonamizda ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari sotilmoqda, – deydi Urgut tumanidagi “ALFA MAX ALLIANCE” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Javlon Saidmurodov. – Lekin biz bu bilan cheklanib qolmay, bu yerdagi shart-sharoit va imkoniyatlarni o‘rganib, shu yerda ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaror qildik. Nasib etsa, joriy yilda 1 million dollarlik loyiha asosida paypoq ishlab chiqarish korxonasini tashkil etamiz.
Safar davomida Urgut va Nukus tumanlari hokimliklari mas’ullari hududdagi ijtimoiy masalalarni hal etish yuzasidan ham chora-tadbirlar belgilab oldi.