Ushbu hafta havo harorati +34 darajagacha ko‘tariladi

O‘zgidrometning xabar berishicha, bu haftada ham O‘zbekistonga Erondan issiq va quruq havo oqimi kirishi davom etadi.

Dushanbadan jumagacha janubiy oqim kuchayadi, ya’ni issiq havo respublikamiz hududini qamrab oladi.

O‘zbekiston hududining katta qismida havo vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat kechasi 17-22 daraja atrofida, 20-22 aprelda kunduzi 25-30 daraja, 23-24 aprelda 27-32 daraja, janubda va cho‘l hududlarida 33-34 daraja issiqqacha ko‘tariladi. Bunday haroratlar shu davr uchun xos bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 6-8 darajaga yuqoridir.

Eslatib o‘tamiz, aprelning shu kunlari uchun maksimal harorat rekordlari 32-34 darajani, janub va cho‘l zonalarida esa 35-37 darajani tashkil qilgan.

Faqat respublikaning shimoliy hududlariga haftaning ikkinchi yarmida g‘arbiy Qozog‘istondan nisbatan salqin va nam havo oqimi kirishni boshlaydi. 23 aprelda Qoraqalpog‘istonda ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat pasayib, 24 aprelda kechasi 7-12, kunduzi 17-22 daraja iliq bo‘ladi.