Usmon AZIM: «Bir tosh tushsa tushibdi, tog‘dek boshimga manim»

Badiiy kechinma hayotni obrazli idrok etish ibtidosidir. Darhaqiqat, kechinma - lirikaning yuragi. Uning asosini esa shoir tomonidan tanlab olingan dardli yoki quvonchli tuyg‘u tashkil etadi. Bu holat tafakkur, rang, tasvir, obrazlarga ko‘chib, harakatlanadi va shoir ijodining o‘ziga xos til hamda uslubini namoyon etadi.

Shoir Usmon Azimning butun she’riyati bag‘ridan ana shunday kechinma - shoir tomonidan tanlangan, pardozlangan va o‘quvchiga taqdim etilgan qayg‘u va quvonchlar go‘yo o‘q chiziq bo‘lib o‘tadi. Usmon Azim she’riyatining jozibasi, ko‘pchilik tomonidan sevib o‘qilishining sababi ham aynan shundadir.

Shuning uchun Sharqda eng katta so‘fiylarimiz o‘zlarining kechinma va qarashlarini she’rda izhor etishgan”.

Biz Usmon Azim she’riyatiga nazar tashlar ekanmiz, hayotni butun ziddiyatlari bilan his etadigan lirik qahramonning g‘oyat rang-barang kechinmalari ifodasini ko‘ramiz. Ma’lumki, she’riyatda lirik qahramon kechinmalarida «men» - shoir shaxsiyati va uning hayot haqidagi qarashlari umumlashadi. Shoir yaratgan lirik qahramon o‘tmishni, o‘zi yashayotgan davrni chuqur his etadi. Shu bilan birga, u kelajak haqida ezgu niyatlar qiladigan davr kishisining murakkab timsoliga aylanadi.

«Sarbadorlar qo‘shig‘i» she’rida xalq uchun boshini dorga tikkan  bir guruh xalq qahramonlari hayoti va ularning eng og‘ir daqiqalarda, o‘lim bilan yuzma-yuz turgan paytdagi kechinmalarini his qilamiz, ularning xalq va haq yo‘lidagi kurashlari tasvirida ana shu kechinma yanada quyuqlashadi.

«Qayt», dedingiz, «qalb», dedik,

«Ayt», dedingiz, «haq», dedik.

Boshimiz dorda turib,

«Jon», demadik, «xalq», dedik,

«Jon», demadik, «xalq», dedik.

Shoirning bu she’rida lirik kechinma kuchli falsafiy mushohada bilan yo‘g‘rilgan. Haq va xalq yo‘lida jonini tikishga tayyor er yigitning matonat va jasorati uning iymon-e’tiqodini belgilashi kechinma salmog‘ini oshirgan. Mana shu jihati bilan shoir o‘z ijodining tili va uslubini yanada yorqinroq ochib beradi.

Shoir kechinmani ko‘pchilik hollarda ixcham, lekin chuqur mazmunli shakllarda ifodalashga intiladi. Jumladan, oddiy bir tosh orqali shoir davrning g‘oyat muhim ijtimoiy masalalarini yoritishga erishadi. She’rda haqiqat uchun kurash poetik kechinma darajasiga ko‘tariladi. Bu kechinma shoirni azobga soladi va sekin sirg‘alib, she’rga aylanadi.

Osmonga ham otgum tosh,

Gunohkor bo‘lsa quyosh.

Gunohkor bo‘lsa quyosh,

Qaytib tushmagaydir tosh.

 

Osmon ham bo‘lib g‘anim,

Qaytib tushsa, ne g‘amim!

Bir tosh tushsa tushibdi,

Tog‘dek boshimga manim.

Usmon Azimning yuqoridagi she’ri faqat ta’sirlanish natijasidagina yozilmagan. She’r dunyoga kelmasidan avvalgi ta’sirlanish bir baho­na. She’rni yaratadigan dard shoir qalbida ko‘pdan beri yetilib kelayotgan bo‘ladi. Kechinma ana shunday yetilishning mevasidir. Kechinmaning salmog‘i va uning darajasi shoir nazdida ulg‘ayib borar ekan, til va tafakkur uyg‘unligi yuzaga keladi. Va bu holat endi uslubiy mahoratga aylanib boradi.

 Usmon Azim yuqoridagi she’rda tosh tafsilini hayotdagi yomonlikni yo‘qotish ramziga aylantiradi. Ayni paytda tosh to‘g‘rilikni inkor etuvchi, uni ezuvchi, inson boshiga kulfat keltiruvchi yovuz kuchning tafsilini ham beradi.

Shoir yaratgan lirik qahramon o‘zini olam ichidagi bir olam deb biladi. Shu bilan birga hamisha ziddiyatli kechinmalar qurshovida yashaydi. Shoir ayni kechinmani ifodalash shakllarini qidiradi. Izlanish uni tashbeh, majoz va obrazlar sari yetaklaydi. Shu o‘rinda shoirning «Bir daraxtning so‘nggi qo‘shig‘i» she’riga nazar tashlaylik:

Men shunday yaraldim:

Sumbatim egri,

Gullarim qalblarga solmas hayajon.

Mevamga hech kimning tushmagan mehri,

Bargim chumoliga bo‘lmas soyabon.

 

Alvido! Men endi maqsadga yetdim

Bog‘doshlar, so‘ng yo‘lga kuzating, qani...

Men o‘tin bo‘lgani uzlatga ketdim,

Men ketdim, do‘stlarim, olov bo‘lgani!

Bu she’rda shoir yaratgan daraxt obrazi, albatta, majoziy ma’noga ega. Bu daraxtning sumbati egri, gullari hech kimni hayajonlantirmay, mevalariga hech kimning mehri tushmagan, barglari hatto chumoliga-da soya bermagan bo‘lsa ham, bular uning xohishi bilan emas, balki u yashagan muhitning illat va kirdikorlari bilan bog‘liq ekani anglashiladi. Umri mobaynida maqsadiga erisholmagan daraxtning hayot shomida favqulodda holatga tushishi va bu holat garchi uni yo‘qlik qa’riga, adamga olib ketsa-da, bu ketishdan kimgadir nafi tegishi nazarda tutiladi. Uning yonishi, olov bo‘lishi zamirida shunday ma’no mujassamlashgan. Darhaqiqat shoir ijodidagi o‘ziga xoslik kutilmagan tasvirlar yoxud obrazlar yaratish mahorati bilan namoyon bo‘lar ekan, bu o‘z o‘rnida shoir tomonidan yuksak mahorat bilan til va tasvirni uslubiy yuksalishga xizmat qildiradi.

Hayot ziddiyatlaridan, uning qora ranglaridan toliqqan shoir dunyoning bag‘ritoshligidan, insonning esa ba’zan imkonsizligidan kuyadi. Va bu iztirob yaxlit bir kechinmaga aylanib, she’r bag‘ridan o‘tadi. Gegel lirik kechinmaga xos bo‘lgan bu xususiyatni Gyote she’riyati misolida juda o‘rinli ko‘rsatib bergan. «…lirik shoir, - degan u, - o‘z qalbi va ongida shoirona shakllangan hamma narsani qo‘shiqda ifodalashga ehtiyoj sezadi. Shu munosabat bilan boy hayotning turfa jarayonlarida hamisha shoir bo‘lib qolgan Gyoteni eslamoq joizdir. Bu jihatdan u eng mashhur insonlar safidan o‘rin oladi. Qiziqish doirasi shu qadar xilma-xil va benihoya keng bo‘lgan kishi kam uchraydi, ammo shunga qaramasdan, u doimo ichkin hayot kechiradi va uning qalbiga to‘kingan hamma narsa she’riy obrazlar shaklini oladi». Usmon Azim lirikasida ham ana shunday iztirobli g‘alayonlarning ifodasini ko‘ramiz. Tanqidchi Ibrohim Haqqulov ham shoir she’riyatiga bag‘ishlangan bir maqolasida ruhning she’riyatdagi o‘rni haqida to‘xtalar ekan, uning ijodida ruhning erkinligi va latifligi miqyosining kengligini alohida uqtiradi. Tanqidchi nazaricha, ruh, insondagi idrok qiluvchi va biluvchi latiflikdir. I.Haqqulov ruhning erkinligi haqida quyidagi fikrni bayon etadi: «Ruh erkinligi insonni davru zamonning har qanday xavf-xatarlaridan muhofaza eta oladi. Ruhan va qalban ozod shaxs - yengish qobiliyati shakllangan shaxs».

Biz shoir ijodining birgina jihati, lirik kechinmaning obrazli ifodasi til va uslubiga nazar tashladik. Zotan, uning ijodidagi xalqona ohang, baxshiyona uslub, yuksak badiiy tafakkur tamoyillari shoir ijodining o‘ziga xos qirralarini yanada yorqinroq ochib berishga xizmat qiladi.

Jumagul Suvonova,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari nomzodi.