“Ustoz” sanatoriyasi atrofidagi xavotirlar: O‘qituvchilarning yagona sihatgohi nega muammolar girdobida?

Mazkur sanatoriya atrofidagi gap-so‘zlar aslida bugun boshlangan emas, mana, bir yil bo‘lyaptiki sihatgoh atrofida “qora bulutlar” kezmoqda.

Tahririyatga ham mazkur sihatgoh yuzasidan bir qator murojaatlar kelib turibdi. Jumladan, Past Darg‘om tumanida yashovchi faxriy o‘qituvchi Egamberdi Imomovning sihatgohni saqlab qolish borasidagi murojaatidan so‘ng holatni joyida o‘rganishga qaror qildik.

O‘rganish jarayonida bildikki, eng asosiy muammo shundaki, sanatoriy va unga yo‘llanma to‘lovlari tobora qisqarib bormoqda. Bu esa sihatgohning moddiy imkoniyatlariga ta’sir qilib, asta-sekin boshqa, zamonaviy sihatgohlardagi sharoitlar bilan solishtirib bo‘lmaydigan holatga keltirmoqda.

“Ustoz”ning ayni vaqtdagi rahbari H.Qarshiyevga ko‘ra, shu kecha-kunduzda viloyatdagi barcha tuman "Ma’rifarparvarlar" jamiyati bo‘limlarining sanatoriydan qarzi bir necha yuz million so‘mni tashkil etadi. Ayrim tumanlarda bu ko‘rsatkich 100 million so‘m bo‘lsa, ayrim tuman XTBlarning qarzi 300 million so‘mga ham yetadi. Hozir sihatgoh jamoasi bor imkoniyatdan kelib chiqib o‘qituvchilarga sharoit yaratishga harakat qilib kelmoqda. Ish to‘xtab qolgan emas. Ammo qarzdorlik shu tarzda davom etar ekan, zamonaviy uskunalar xarid qilish, sihatgoh moddiy-texnik bazasini yangilash kabi masalalar orqaga surilib qolaveradi. Yo‘llanmalar yuki esa o‘qituvchilar zimmasiga oshib boraveradi.

Qarzlar salmog‘i esa kun sayin oshib bormoqda va eng yomoni, hali-beri bu holat to‘xtashi dargumon. Dargumon ekanining sababiga keyinroq to‘xtalamiz.

Aslida bu sihatgoh Oqdaryoning eng bahavo joyida ezgu niyatlar bilan tashkil etilgan. 2012 yilda o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi buyrug‘i bilan mazkur sihatgoh xalq ta’limi tasarrufiga o‘tkazilib, o‘qituvchilar dam olishi uchun huquqiy asos yaratilgan. Ta’kidlash lozimki, mamlakatda o‘qituvchilar uchun tashkil etilgan yagona sihatgoh mana shu — “Ustoz” hisoblanadi.

O‘qituvchilarning dam olishlari uchun yo‘llanma pulining 60 foizi XTB qoshidagi “Ma’rifatparvarlar” jamiyati hisobidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan. Ancha yillar davomida xuddi shu tarzda o‘qituvchilar bu yerda dam olib kelishdi. 

Hozir ham bu hududda dam olish uchun talab yuqori. O‘qituvchilar sanatoriyada dam olishni istashadi. Ammo shunga qaramay sihatgoh rahbariyatiga ko‘ra, 170 o‘rin hamisha ham to‘lavermaydi. Chunki, birinchidan, endilikda “Ma’rifatparvarlar” jamiyati borgan sari yo‘llanmalardan qarzga botmoqda. Qarz ko‘payavergach, o‘qituvchining yo‘llanma olish imkoniyati ham oson bo‘lmaydi. Ikkinchidan, endilikda o‘sha yo‘llanmani ham 60 foizi emas, 40 foizi jamiyat hisobiga yozilmoqda. Ya’ni, ayni vaqtda 1,5 million so‘m turgan yo‘llanmaning 900 ming so‘mi o‘qituvchi, 600 ming so‘mi “Ma’rifatparvarlar” jamiyati hisobidan amalga oshirilmoqda. Aslida qoida bo‘yicha buning aksi bo‘lishi kerak edi. Xullas, har tomonlama yuk o‘qituvchi zimmasiga tushmoqda. Masalaning yana bir tomoni shuki, aslida bugungi kunda o‘qituvchilarning yagona sihatgohi bo‘lgan “Ustoz”ning 170 o‘rinli quvvati juda-juda kam.

Tasavvur qiling, viloyatda xalq ta’limi tizimining o‘zida taxminan 55 ming nafar o‘qituvchi bor. Ular faqat yoz oyida dam olish imkoniga ega va sihatgoh har navbatda 170 nafardan dam oluvchi qabul qilishi mumkin. Yoz davomida o‘qituvchilarning necha foizi davolana oladi shunda? Ammo sihatgohda quvvatni oshirish uchun ham mablag‘ kerak. Mablag‘ masalasini yuqorida aytdik. To‘g‘ri, o‘qituvchilarni hech kim boshqa turli zamonaviy sihatgohlarga borishdan to‘smaydi. Ammo u holda yo‘llanma puli masalasi yana oldinga chiqib qoladi.  

Xo‘sh, nima uchun sihatgohda bu muammo paydo bo‘lib qoldi? Nega shuncha yillar davomida “Ma’rifatparvarlar” jamiyati tomonidan hech qanday to‘sqinliksiz yo‘llanmalar puli to‘lab berilgani holda endi bu imkonsiz bo‘lib qoldi?

Bunga aniqlik kiritish uchun viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida bo‘ldik. Boshqarmada jamiyat uchun ajratilgan xonaning o‘zi ishlamaydi. Boshqarma binosida biror o‘qituvchini qabul qiladigan “Ma’rifatparvarlar”  jamiyati vakilining o‘zi yo‘q, xonalar yopiq.

Boshqarma boshlig‘i Shokir Sultonovga ayni vaqtda “Ma’rifatparvarlar” jamiyati ishlayaptimi, nega sanatoriy bugungi holatga tushib qoldi, muammoga yechim nima, qanday chora-tadbirlar ishlab chiqilyapti, qanday takliflar kiritilgan degan savollar bilan murojaat qildik. 

-  “Ma’rifatparvarlar” jamiyati bir joyda ishlayapti, bir joyda yo‘q. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan kelgan ishchi guruh jamiyat tomonidan badal yig‘ishda majburiy holatlar bo‘lyapti degan xulosa berilgach, to‘xtatildi. Jamiyat jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatib, oylik maoshlar ham berilgan emas. Respublika “Ma’rifatparvarlar” jamiyati viloyatni chetlab, jamiyat bo‘limlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublikaga o‘tkazish masalasini qo‘ygan. Hatto ayrim bo‘limlarning hisob-raqamlarini yopib, xizmat mashinalarini olib qo‘yib, faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari ham bo‘lgan. Biz vaziyatni tartibga solish uchun hatto sudlashishgacha bordik. Jarayonlar hozir ham davom etyapti.

Aslida haqiqatan ham sanatoriy o‘qituvchilar uchun qilingan. “Ma’rifatparvarlar” jamiyati o‘qituvchilarning 1 foizlik a’zolik badallari hisobidan faoliyat yuritib, yo‘llanmalarni to‘lab kelgan. Endi holat shundayki, ana shu badal majburiy bo‘lib qolmasin deyilyapti. Biz ham shuning tarafdorimiz, rozilik bilan amalga oshishi kerak. Shu sababdan ham ayrim tumanlar ishlayapti, ayrimlari yo‘q, – deydi Shokir Sultonov.

Bu suhbatdan anglashiladiki, nafaqati sihatgoh, balki “Ma’rifatparvarlar” jamiyati faoliyati taqdiri ham allaqachon savol ostiga tushib qolgan. Aytish lozimki, biz ham har qanday tashkilotning majburiy badal hisobiga faoliyat yuritishiga qarshimiz. Targ‘ibot, tushuntirish orqali faqat rozi bo‘lgan shaxslar “Ma’rifatparvarlar” jamiyatiga a’zo bo‘lsin, imkoniyatlardan foydalansin.

Ammo muammoni o‘rgangach, bir qator yangi savollar yuzaga kelmoqda. Boshqarma boshlig‘i fikridan kelib chiqsak, respublika “Ma’rifatparvarlar” jamiyati tuman bo‘limlari bo‘ysunuvini qo‘lga olib muammoga yechim topmoqchi. Xo‘p, shunda majburiy badal to‘xtatiladimi? Sanatoriya va jamiyat faoliyati "gullab" ketadimi? Agar buning yo‘li bor ekan, nega viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan birgalikda muammoga barham berilmayapti? Nega bir yildan beri sihatgoh muammolarga o‘ralashib qolmoqda?

Eng achinarli holat shuki, “Ma’rifatparvarlar” jamiyatining “kimga qarashli” ekani atrofidagi bahslar yuki o‘qituvchilar zimmasiga tushmoqda. Ularning sevimli maskani yuqoridagi holatga tushib o‘tiribdi.

Muammo bo‘yicha o‘rganiladigan ishlar ko‘p. Biz holat yuzasidan maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasidan bir qator ma’lumotlarni, xususan, Respublika “Ma’rifatparvarlar” jamiyati qo‘ygan talablarning yozma nusxalari bilan tanishish istagini bildirdik. Ammo va’da berilganiga qaramasdan ma’lumotlar tahririyatga bugunga qadar taqdim etilmadi. Demak, “Ustoz” sanatoriyasi atrofidagi holatni kuzatishda davom etamiz va masalaga yana qaytamiz.

Abdug‘ofur Sherxolov,

Anvar Mustafoqulov,

“Zarafshon” muxbirlari.

Tahririyatdan: Har qanday sohaning shu soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlaydigan uyushmasi bor. Shifokorlarning deysizmi, jurnalistlar, huquqshunoslar... Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham o‘z uyushmasi bor. Biz sihatgoh muammosini-ku yoritdik, ammo ko‘rdingizki, o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanib kelayotgan “Ma’rifatparvarlar” jamiyati ahvoli ham haminqadar bo‘lib turibdi. Fikrimizcha, bu jamiyatni oyoqqa turg‘azish, o‘qituvchilar xizmati uchun faoliyatini jonlantirish ham kerak.