Ustuvor maqsad – insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili Rustam Xolmurodov Samarqand shahri saylovchilari bilan uchrashdi.
Dastlab nomzodning tarjimai holi haqida ma’lumot berildi. So‘ngra saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.
– Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilayotgan dastur uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan, jamiyatda o‘z yechimini kutayotgan tizimli muammolarni hal etish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni kelgusi yetti yilda izchil davom ettirishga qaratilgan ustuvor maqsad va yo‘nalishlar, strategik vazifalardan iborat, – dedi Rustam Xolmurodov. – Jumladan, sifatli bilim, ta’lim va tarbiya — Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevori sifatida belgilangan yo‘nalishda 2030 yilga qadar maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplab, qamrovni 100 foizga yetkazish va bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, maktablarda qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rnini yaratgan holda ta’lim sifati tubdan yaxshilash, oliy ta’lim va ilm-fan tizimlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida taraqqiy ettirish belgilangan.
Tibbiyot sohasida aholi o‘rtasida ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarni barvaqt aniqlash va ular bilan kasallanish ko‘rsatkichlarini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish, 2030 yilga qadar tibbiyotga byudjetdan ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini 6 milliard AQSh dollariga yetkazish va aholini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan qamrab olish darajasini yanada kengaytirish taklif etilgan.
Shuningdek, dasturda ijtimoiy xizmatlar sohasini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, tinchliksevar tashqi siyosat yuritish kabi maqsadlar bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Dasturning eng ustuvor yo‘nalishi – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratishdan iboratligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv qatnashchilari dastur yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, barcha 9 iyul kuni o‘tkaziladigan saylovda faol ishtirok etishga chaqirdilar.