Uxan shahrida tornado tufayli 6 kishi halok bo‘ldi, 218 kishi jarohat oldi

Bu haqda Uxan shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Pekin vaqti bilan kecha, soat 20:39 da (Toshkent vaqti bilan 17:39) Uxan Saydan shahri atrofi va Uxanning iqtisodiy rivojlanish zonasidagi Szunshan hududida tornado yuz berdi. Shamolning tezligi soniyasiga 23 metrga yetdi.

Avvalroq olti kishi bedarak yo‘qolgan va 41 kishi jarohat olgani haqida xabar berilgan.

"So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida bugun, soat 4:30 ( Toshkent vaqti bilan 01:30) ga qadar olti kishi halok bo‘ldi, 218 kishi jarohat oldi, 27 ta uy to‘liq vayron bo‘ldi, 400 ga yaqin uy, ikkita minorali kran va vaqtinchalik inshootlarning taxminan 8 ming kvadrat metr maydoni zarar ko‘rgan", deyiladi bo‘lim xabarida.