Uy-bog‘cha ochish foydali biznesmi?

 Viloyatimizda 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning bog‘chaga qamrovini oshirish maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalarining turli shakllari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, oilaviy uy-bog‘cha ochish qulayligi, xonadon a’zosining ish bilan ta’minlanishi va boshqa imtiyozlari bilan ham har jihatdan foydali. Xo‘sh, bugun bog‘cha ochayotgan tadbirkorlar qay tartibda faoliyat yurityapti? Ushbu bog‘chalarni ochishda kimga murojaat qilish kerak, uning tartibi qanday? Shu va boshqa savollarga javob topish maqsadida Bulung‘ur tumanidagi bir nechta oilaviy bog‘chalar faoliyati, ulardagi sharoitlar bilan tanishdik.

– Oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi ochish uchun, tadbirkor avvalo, davlat xizmatlari markazidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi lozim, – deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi Umida Go‘bayeva. – Keyin uydagi sharoitlar, yong‘in xavf­sizligi, tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xulosalariga ko‘ra, ular bilan bitim imzolanadi va tuman hokimligining ruxsati bilan o‘z faoliyatini boshlaydi. Ammo shunisi ham muhimki, biz tuman "Mahalla" jam­g‘armasi bilan hamkorlikda, har bir tadbirkorning mahalladagi o‘rni, oilaviy muhiti, bolalarga tarbiya bera olish imkoniyatlarini to‘liq o‘rganamiz. Shundan keyin bitim imzolaymiz. Masalan, sharoiti, imkoniyati yetarli bo‘lgan ayrim tadbirkorlarga oilaviy muhiti sabab ruxsat bermadik.

Bugun tumanimizda 37 nafar tashabbuskor tadbirkor ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning 26 nafari bilan bitim imzolangan, 20 nafari o‘z faoliyatini ham boshladi. Joriy yilning yanvar oyidan ushbu bog‘chalarga davlat byudjeti tomonidan subsidiyalar ajratilishi belgilandi. Bu ham tadbirkorlarning faoliyatini samarali tashkil etishida katta yordamdir.

Tumandagi oilaviy bog‘chalar bilan tanishdik. Barchasida sharoit turlicha. Bu ham xonadon egasining bilim saviyasiga, bolalarni tarbiyalashdagi tajribasiga bog‘liq ekan. Navbahor mahallasida Sayyora Hazratova tomonidan tashkil etilgan. "Marhabo Jo‘shqin" oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasining ochilganiga olti oy bo‘lgan. Bu yerda 16 nafar bola tarbiyalanadi. Ularga bitta tarbiyachi va yordamchi biriktirilgan. Xonadonda barcha sharoitlar yetarli, ammo bolalarga ta’lim-tarbiya berishda imkoniyatlar biroz cheklangan. O‘quv mashg‘ulotlari olib borish uchun inventarlar, ko‘rgazmali vositalar yetarli emas.

– Ikki nafar farzandim bor, – deydi S.Hazratova. – 20 yil oldin Samarqand pedagogika kollejini tugatganman. Mutaxassisligim bo‘yicha endi ishlashga to‘g‘ri keldi. Bugun bolalarga ta’lim berish jarayoni tubdan o‘zgargan. Shuning uchun bog‘chaga tarbiyachi sifatida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni jalb etganmiz. 20 million so‘mga xonadonimizni mebel va turli inventarlar bilan jihozladik. Kamchiliklarimiz ko‘p. Ularni tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi bilan hamkorlikda bartaraf etishga harakat qilyapmiz.

Yangiobod mahallasidagi "Malika" oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati Shahnoza Mustafoyeva tomonidan yo‘lga qo‘yilgan. Bolalarga mashg‘ulotlar o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi. Ko‘rgazmali vositalar bilan boyitilgan. Tarbiyachi ingliz va rus tillarini mukammal bilar ekan.

– Qizim hamshiralik bo‘yicha tahsil olgan, ammo bolalarga mehri bo‘lakcha bo‘lganligi uchun tumanimizdagi 1-MTMda besh yil faoliyat yuritdi, – deydi Maqsuda Mamadaliyeva. – Uning shijoatini ko‘rib, yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda oilaviy bog‘cha ochishga qaror qildik. Bugun 20 nafar bola uy-bog‘chamizda ta’lim-tarbiya olyapti. Bolalarning har biridan oyiga 100 ming so‘m oylik badal olamiz. To‘g‘risi, yashirib nima qildim, ularning kundalik ovqatlanishini har doim ham me’yor asosida tashkil qilib bera olmaymiz. Ularning ovqatlanishiga kuniga o‘rtacha 60-80 ming so‘mdan ajratamiz. Ammo narx-navoning oshganligi ba’zan kunlik ratsion asosida taomnoma tayyorlashga yetmaydi. Shuning uchun asosiy e’tiborni ta’limga qaratyapmiz.

Oilaviy bog‘chalarning qulayligi ko‘p. Birinchidan, xonadoningizning bo‘sh turgan joyidan unumli foydalanasiz, mahalladoshlaringizning farzandlariga ta’lim-tarbiya berasiz, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritasiz. Shuningdek, ota-onalar bilan kelishgan holda turli to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, qo‘shimcha daromad ham olishingiz mumkin. Faqatgina bu sohada yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lib, barkamol avlod tarbiyalashdagi mas’uliyatni his qilsangiz, kifoya.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.