Uy-joylar qurilishi qachon tartibga tushadi?
Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapitalqurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Shukurov bilan suhbat.
Keyingi yillarda viloyatimizda ko‘p qavatli uylarning qurilishi hududlar obodligi, xalqimiz turmush madaniyati yuksalishida muhim ahamiyat kasb etdi. Barpo etilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar tufayli minglab oilalar vatan ichra kichik vatanga ega bo‘lib, hayotini yo‘lga qo‘ymoqda.
Biroq ko‘p qavatli uylarni bunyod etishda mavjud talablarga rioya etmasdan qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari ham kuzatilmoqda. Ularda milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy shaharsozlik talablari qo‘pol ravishda buzilyapti. Bu kabi muammolarni bartaraf etish uchun nima ishlar qilinmoqda? Umuman, joylarda ko‘p qavatli uylar qurilishi ahvoli qanday?
- Prezidentimiz shu yil may oyida Andijon viloyatiga tashrifida bugunning eng dolzarb masalasi haqida fikr yuritib, «Kambag‘allikdan chiqishning eng asosiy zamini – uy-joy. Odamlarning boshpanasi bo‘lsa, o‘zi harakat qilib, ro‘zg‘orini oyoqqa qo‘yib oladi» degan edi, - deya gap boshladi A.Shukurov. - Shu nuqtai nazardan joriy yilda shahar va tumanlarimizda 2 ming 414 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar qurilyapti. Ayni kunda Samarqand shahridagi Qorasuv, Past Darg‘om tumanidagi Go‘zalkent, Jomboy tumanidagi Kattaqishloq, Narpay tumanidagi Narpay, Ishtixon tumanidagi Qaychili, Bulung‘urdagi Mehnatobod, Payariqdagi Yangihayot kabi o‘nlab massivlarda 5 qavatdan 12 qavatgacha bo‘lgan ko‘rkam uylar barpo etilmoqda.
Muhimi, yangi tartib asosida 1160 xonadonga ega uy-joylar, shuningdek, Samarqand shahridagi 680 xonadonli, Samarqand tumanidagi 240, Toyloq tumanidagi 60, Urgutdagi 180 xonadonga ega ko‘p qavatli uylar qurib bitkazildi. Ichki suvoq va montaj ishlari yakunlangach, uy egalari iliq kunlarda yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tishlari mumkin.
Qolgan uylar ham pudratchilar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq, belgilangan jadval asosida yil oxirigacha bosqichma-bosqich foydalanishga topshiriladi.
- Ushbu uy-joylar shaharsozlik talablariga nechog‘li amal qilingan holda qurilyapti?
- Avvalo, uy-joy aholi punktining bosh rejasi, ya’ni odamlar yashash va faoliyat muhitini shakllantirishning kompleks shartlarini, hududiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjatiga mos bo‘lishi kerak. Shu jihatdan har bitta ko‘p qavatli uy bosh reja asosida qurilyapti. Ularning bunyodkorlik faoliyati - qurilish ishlarining shaharsozlik normalariga mos bo‘lishi bo‘yicha uch tomonlama, ya’ni buyurtmachining texnik, loyiha tashkilotining mualliflik va viloyat qurilish nazorati inspeksiyasining sifat nazorati o‘rnatilgan.
Hamma uy qurilishi ham risoladagidek bajarilyapti, deb bo‘lmaydi. Shuning uchun viloyat qurilishi nazorati inspeksiyasi tomonidan 318 ta nazorat tekshirishlari o‘tkazilib, joylarda aniqlangan kamchiliklar, texnika xavfsizligi, qurilish normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan 319 ta yozma ko‘rsatma berilgan. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan buyurtmachi-pudratchi korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasini hal etish bo‘yicha 8 ta hujjat to‘plami sudga yuborilgan.
Shuni alohida aytishim kerak, joriy yildan boshlab, uy-joylar qurilishi ishlarining borishini doimiy monitoring qilish yuzasidan har bir ob’yektga videokameralar o‘rnatildi va markazlashgan holda yagona tizim yaratish ishlari olib borilmoqda. Qurilish sohasida «shaffof qurilish» tizimini yaratish ishlari boshlab yuborildi.
- Uy-joy qurilishi uchun bosh reja loyiha-smetasini kim ishlab chiqadi? Loyihachisi kim bo‘ladi? Kim quradi, kim nazorat qiladi?
- Ko‘p qavatli uylar bosh reja loyihalari «ToshboshplanLITI» va «O‘zshaharsozlikLITI» davlat unitar korxonalari tomonidan, namunaviy loyihalar asosida quriladigan uy-joylarning loyiha va bosh rejalari esa “Qishloqqurilishloyiha” MChJ viloyat filiali tomonidan ishlab chiqiladi.
Tender savdolarida g‘olib deb topilgan pudratchilar tomonidan qurilish ishlari amalga oshiriladi. Hokimlik organlari o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan bosh rejaga rioya etgan holda uni amalga tatbiq etish jarayonini ta’minlaydi. Viloyat qurilish bosh boshqarmasi huzurida faoliyat yuritayotgan arxitektura va shaharsozlik kengashi bunyod etilayotgan har bir bino va inshoot loyihasi, qurilish jarayonlarini muhokama qiladi, quriladigan uy-joyning joylashishi va atrofida barpo etilishi lozim bo‘lgan mashina to‘xtash joyi, bolalar maydonchasi kabi inshootlarni belgilaydi.
Qurilish ob’yektlarida nazorat buyurtmachining texnik nazoratchisi, loyiha tashkilotining mualliflik nazorati va viloyat qurilish nazorati inspeksiyasining inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
- Ko‘ryapmiz, ayrim joylarda qurilish me’yorlari buzilyapti. Bu me’yorlarning buzilishida eng katta javobgarlik kimning zimmasida?
- Ob’yektlarda qurilish me’yorlarining buzilishi bo‘yicha eng katta javobgarlik bosh pudratchi hamda nazorat qiluvchi tashkilotlar va ularning qurilish ob’yektiga biriktirilgan xodimi zimmasiga yuklanadi. Chunki uy-joylarning loyiha-smeta hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ishlab chiqiladi. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, moliyalashtirish, tasdiqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilash, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish buyurtmachining tashabbusi bilan va uning hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari esa ob’yektlar qurilishi uchun ruxsatnoma berishga asos bo‘ladi.
- Akmal aka, uy-joy qurilishida ishtirok etayotgan ayrim qurilish tashkilotlarida yetarli texnikalar mavjud bo‘lmagani holda tenderda yutib, ish boshlagani haqida eshitamiz…
- To‘g‘ri, ilgari bunday holatlar kuzatilgan. Ammo viloyatda 2018-2019 yillarda moliyaviy holati, bajargan ish hajmlari, doimiy ishchi xodimlari, malakali quruvchilari va mashina mexanizmlarga egaligi qattiq nazoratga olindi. Ya’ni, ana shu imkoniyatlarga ega qurilish pudratchi tashkilotlarning elektron ro‘yxati shakllantirildi. Bugungi kunda bunday qurilish tashkilotlari 317 tani tashkil etadi. Kelgusida faqat barcha imkoniyatlarga ega tashkilotlargina dasturlar asosidagi ob’yektlar, shu jumladan, uy-joy qurish uchun o‘tkaziladigan tenderlarda ishtirok etadi.
- Xorij davlatlarida uy-joylarning foydalanish muddati belgilangan. Bizda-chi, ko‘p qavatli uylarning yaroqlilik muddati bormi?
- Albatta. Uy-joylarni qurilishi tugatilib, uy egasiga topshirilgan kundan boshlab bir yil muddat kafolat muddati beriladi va pudratchiga moliyalashtirilishi belgilangan mablag‘larning 5 foizi bir yillik kafolat muddati yakunlangunicha buyurtmachida ushlab qolinadi. Ushbu kafolat muddati davrida uy-joyda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, pudratchi tomonidan qayta ta’mirlab beriladi.
Bundan tashqari, yaroqlilik muddati mavjud bo‘lib, bunga foydalanib turilgan uy-joylarni ekspluatatsiya qilish jarayonida oydinlik kiritib boriladi, ya’ni uy-joyni necha yilga xizmat qilishi bu undan to‘g‘ri va oqilona foydalanishga bog‘liq.
- Nega bizda qurilishda sifat kafolati, binoning zilzilabardoshlik darajasi belgilanmaydi?
- Yo‘q, bu savolingiz noo‘rin. Negaki, ko‘p qavatli uylarda yuzlab odamlar yashaydi. Shuning uchun uning sifati asosiy e’tibordagi masala. Shuning uchun uy-joylarga bir yillik sifat kafolat muddati hamda binoning zilzilabardoshligi loyiha asosida ishlab chiqiladi, tegishli tashkilotlardan laboratoriya xulosasi olinadi. Shuningdek, uy-joylarning loyihasida uning zilzilabardoshliligi nazarda tutilgan bo‘lib, loyiha ekspertizasi asosida qurilish ishlari olib boriladi hamda qurilish davomida ob’yektning tegishli bosqichlari maxsus laboratoriya ko‘rigidan o‘tkazilib, xulosalar olinadi. Masalan, bugungi kunda Samarqand shahrining Qorasuv massivida qurilayotgan ko‘p qavatli uylar 8-8,5 balli zilzilaga bardoshli qilib qurilmoqda.
- Keyingi yillarda shahar-tumanlarda bosh rejaga zid, noqonuniy binolar qurilishi uchrayapti? Ya’ni, ko‘p qavatli turar-joy ob’yektlarida shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmasdan qurilish ishlari boshlab yuborilyapti. Bu holatlarga barham berish uchun qanday tadbirlar qilinyapti?
- To‘g‘ri, ba’zi hollarda aholi punktlarining bosh rejasiga xilof ravishda bino qurish, arxitektura organlari bilan kelishilmasdan qurilish qilayotgan «tadbirkor»lar bor. Bu o‘zboshimchalik, qonunni hurmat qilmaslikdan boshqa narsa emas. Shu bois, aholi punktlarini bosh reja asosida qurishda shaharsozlik normalari va qoidalarining qat’iy bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilib kelingan, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ob’yektlarni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarimiz, hududlardagi mahalla raislari hamda profilaktika nozirlari bilan hamkorlikda noqonuniy qurilish holatlarini oldini olish, ularni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda hamda ushbu ishlar albatta davom ettiriladi.
Shuningdek, keyingi yillarda qurilish sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash borasida ko‘zga ko‘rinar darajada ishlar olib borilmoqda va bu borada noqonuniy qurilgan binolar qonunchilikda belgilangan tartibda albatta buziladi. Shuning uchun ham tadbirkorlarimiz va fuqarolarimizdan qurilish ishlari barcha shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmasdan amalga oshirmasliklarini so‘rab qolaman.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishim lozimki, fuqarolarimiz ijtimoiy tarmoqlarda faol ravishda hududlarda olib borilayotgan noqonuniy qurilishlar haqida bizga xabar berib borayotganliklari uchun ularga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman.
Noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish borasida viloyat, tuman va shahar hokimliklari huzurida shaharsozlik va qurilish sohasida huquqbuzarliklarni aniqlash va bartaraf etish masalalari bo‘yicha doimiy ishlovchi komissiyalar hamda qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda vakolatli organlarga ko‘maklashuvchi tuman va shahar ishchi guruhlari tashkil etilgan.
Komissiyalar tomonidan 2020 yilning yanvar oyidan bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 1 190 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Shundan 326 tasi hududiy komissiya va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bartaraf etilgan, 98 tasi qonun talablariga muvofiqlashtirilgan, 766 tasi bo‘yicha qonuniy chora ko‘rish ishlari davom ettirilmoqda.
Umuman olganda, ko‘p qavatli uy-joy kichik mablag‘ bilan bitmaydi. Katta xarajat qilindimi, demak, avvalo uni shaharsozlik norma va qoidalariga muvofiq joylashtirish, loyiha-smeta hujjatlari va qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish har bir loyihachi va qurilish tashkilotidan mas’uliyat talab qiladi. Bunga amal qilmaslik bu yerda yashaydigan aholi e’tiroziga va albatta qonun oldida javob berishga olib keladi.
Akram HAYDAROV suhbatlashdi.