Uy quruvchilar toshni qayerdan oladi?

Prezident farmoni bilan 2024 yil 1 maydan daryolardan noruda materiallarini qazib olishga muddatsiz moratoriy e’lon qilindi.

Farmon bilan moratoriy dastlab  Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari uchun joriy etilgan bo‘lsa, keyinchalik ro‘yxatga Sirdaryo daryosi ham kiritildi. Moratoriy ushbu daryolar qirg‘oqlari va suvni muhofaza qilish zonalarida qum va shag‘al materiallarini qazib olishni taqiqlaydi. Moratoriy davrida zarar uchun undiriladigan jarimalar 10 baravar ko‘payadi va ekologik jamg‘armaga o‘tkaziladi.

Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi shu’ba mudiri O‘tkir Abdusalomovga bu borada bir necha savollar bilan murojaat qildik. Xo‘sh, endi yakka tartibda uy-joy quruvchilar toshni qayerdan va qanday tartibda oladi? 

-  Prezidentimizning 2024 yil 17 yanvardagi «Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan joriy yilning 1 mayidan Zarafshon daryosi o‘zanidagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi, - deydi O‘.Abdusalomov. - Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralarini belgilash topshirig‘i berilgan.

Vazirligimizning tegishli xatiga asosan tashkil etilgan mas’ul vazirlik va idoralarning xodimlaridan iborat ishchi guruh viloyatimizning Jomboy, Toyloq, Bulung‘ur va Urgut tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi o‘zanini o‘rganib chiqdi va chegaralari belgilandi.

Prezident farmoniga asosan, Zarafshon daryosida o‘zan tozalash ishlarini olib borayotgan 9 ta korxonaga moratoriy e’lon qilingani tufayli ogohlantirish xatlari berildi va daryo o‘zanidagi qazish ishlari to‘xtatildi.

- Tosh olishning boshqa muqobil varianti bormi?

- Farmonga asosan, daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish huquqini faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilish belgilangan.

Bundan tashqari, Prezidentning 2018 yil 9 iyuldagi «Ichki bozorni qum-shag‘al materiallari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi «Daryolar o‘zanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik sub’yektlarini elektron onlayn-auksion orqali jalb qilish tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilingan.

Prezidentimizning 2018 yil 9 iyuldagi qarorida to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalanishi lozim bo‘lgan daryo o‘zanlarining ro‘yxati Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha shakllantirilishi belgilangan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda moratoriy joriy etilmagan daryolarda to‘planib qolgan va tozalanishi lozim bo‘lgan qum-shag‘al aralashmasi joylashgan uchastkalar aniqlanib,  komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi. Toshqinga qarshi hukumat komissiyasi ro‘yxatiga kiritiladi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan keyin “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinadi.

Sodda qilib aytganda, Qoradaryo va Oqdaryo daryolarining muhofaza hududlarida auksion orqali belgilangan muddatda hokimlik, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, "Xavfsiz daryo" tashkiloti bilan tuzilgan maxsus shartnomalar bor. Bu hududlardan qonunga muvofiq auksion orqali kadastr idorasi tomonidan belgilangan hududdan qum-shag‘al olinishi mumkin. Moratoriy davrida qum-shag‘al olinishi taqiqlangan va atrofidagi zavod, fabrikalar ham ko‘chirilishi belgilangani bu Zarafshon daryosiga tatbiq qilinadi. Uning irmoqlari bo‘lgan Qoradaryo va Oqdaryodan yuqorida aytganimdek, qonun doirasida belgilangan muddatlarda qum-shag‘al aralashmasini qazib olishga ruxsat etiladi. Biroq moratoriy boshlangandan buyon (1 yanvardan 28 maygacha) daryodan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 190 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga 1 milliard 8 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi. Bugungacha 652 million so‘m undirilib, 7 holatda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Moratoriy davrida qum-shag‘al mahsulotlarini qayta ishlash sexlari (drobilkalar) uchun Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan viloyatning Urgut, Samarqand va Nurobod tumanlari hududlaridagi 14 ta kon va istiqbolli uchastkalarda jami 9 million metr kubdan ortiq noruda qazilma boyliklari zaxirasi aniqlangan. Mazkur konlar elektron auksion savdo platformasi orqali tadbirkorlik sub’yektlariga taklif etilgan. Ushbu uchastkalardan ham foydalanish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
- Ko‘p qavatli uy quruvchilar toshni qayerdan oladi, to‘lov joriy etiladimi? Bu uy-joy narxiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?

Bugungi kunda moratoriy joriy etilmagan daryolarda to‘planib qolgan va tozalanishi lozim bo‘lgan qum-shag‘al aralashmasi joylashgan uchastkalarni aniqlash ishlari olib borilmoqda. Tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, tadbirkorlik sub’yektlariga shartnoma asosida qum-shag‘alni qazib olish bo‘yicha ruxsat berilgan uchastkalardan olinadi.


O‘ktam XUDOYBERDIYeV suhbatlashdi.