Uyida o‘q-dori yasagan 67 yoshli fuqaro aniqlandi

Toshkent viloyatida uyida o‘q-dori yasagan va saqlab kelgan shaxs aniqlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.

7 iyun kuni tezkor qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda Qibray tumani Tanovar ko‘chasida yashovchi 67 yoshli Q.T. xonadonida yashirin ravishda 19 dona 12x76 kalibrli ichi to‘ldirilgan butun patron, 9 dona 12x76 kalibrli gilza, ikki xil turdagi taxminan og‘irligi 100 gr yonuvchi kukunlar (porox) va har xil turdagi taxminan vazni 1,5 kilogrammni tashkil qiluvchi drob saqlab kelayotgani aniqlangan. Shuningdek, o‘q-dori yasash uchun mo‘ljallangan 8 turdagi detal va moddalar musodara qilingan.

Sud ballistik ekspertiza xulosasi ko‘ra, fuqaro Q.T.ning uyidan olingan patronlar otish uchun yaroqli, gilzalar esa otish uchun yaroqsiz.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi (Qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish va saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.