Uylari "snos"ga tushgan payariqliklar norozilik bildirishdi

Samarqand viloyati Payariq tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasi Katta Chopar ko‘chasida yashovchi bir guruh fuqarolarning uyi "snos"ga tushdi.
MY5 telekanalining "Markaziy studiya" ko‘rsatuvi muxbirlari tumanga borib uyi buzilishi haqida ogohlantirish olgan fuqarolar bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida "snos"ga tushgan uylarning ba’zilariga kadastr hujjati qilingani, ba’zilarida esa hujjat yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Muammo yuzasidan chaqirilgan mutasaddilar ikki soat davomida kelishmagach, ijodiy guruh mahalla ahli vakillari bilan tuman xoqimligiga borishgan.
Payariq tumani hokimi Dilshod Musinov "snos" masalasi bo‘yicha aholiga quyidagicha izoh berdi:
"Agar noqonuniy qaror chiqarib bergan bo‘lsam, men tayyorman javob berishga. Sud qarori bilan xulosa qilinadi. Fuqarolarga xuddi o‘zlarining uylari kabi uy qurib beriladi, shundan so‘ng buziladi".
Aholi uyimiz buzilmasin deydi, Payariq tumani hokimligi fuqarolarning uylari noqonuniy yerga qurib olinganini ta’kidladi.
O‘ylaymizki, ushbu muammo noroziliklarsiz o‘z yechimini topadi.