Uyni qimmat olib, arzon sotgan fuqaroga asossiz 23 million so‘mdan ko‘proq soliq hisoblangan

Adliya idorasi aralashuvi bilan soliqchilarning xatosi tufayli yuzaga kelgan qarz hisobdan chiqarildi.

Narpay tumani «Salovat» mahallasida yashovchi J.Usmonov tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan noto‘g‘ri soliq qarzi hisoblanib, unga nisbatan g‘ayriqonuniy talabnoma yuborilganligini bildirib, amaliy yordam berishni so‘ragan.

Tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganish davomida J.Usmonov Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan 116-uydagi kvartirani 2019 yil 17 iyulda L.Amalovadan notarial tartibda 212 million so‘mga sotib olgan. U ushbu ko‘chmas mulkni 2020 yil 5 iyunda M.Ashurovaga notarial tartibda 120 million so‘mga (xarid qilingan narxidan 92 million so‘m past narxga) sotgan.

Soliq kodeksining 375-moddasi 4-bandiga binoan soliq to‘lovchiga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar, ya’ni mazkur mol-mulkni realizatsiya qilish summasining hujjatlar bilan tasdiqlangan uni olish qiymatidan oshgan qismi mulkiy daromadlar tarkibiga kirishi belgilangan.

J.Usmonov esa yuqoridagi ko‘chmas mulkni sotish orqali mulkiy daromad ko‘rmagan. Shunga qaramasdan tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan Soliq kodeksining tegishli moddalariga asosan 21 million 430 ming 426 so‘m asosiy qarz hamda belgilangan muddatda to‘lanmaganligi uchun 1 million 835 ming 730 so‘m 26 tiyin miqdorida penya hisoblangan.

Narpay tumani adliya bo‘limi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida J.Usmonovga nisbatan hisoblangan 23 million 266 ming 156 so‘m asossiz qarzdorlik hisobdan chiqarildi.

Jasur Qilichev,
Narpay tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.