Uzumchilik: Samarqand tumanida Oltiariq tajribasi
Suv va yer zaxiralarining kamayishi, aholining iste’mol va sifat talabi bugun dehqonni ham izlanishga, sinalgan va muvaffaqiyatli tajribalarni o‘zlashtirishga undayapti. Samarqand tumanidagi “A’zam Azamat agro” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida kuzgi hosilni yig‘ishtirish, saqlash va eksportga tayyorlash mavzusida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari ayni shu jarayonning guvohi bo‘ldi.
Ushbu fermer xo‘jaligida 115 gektar maydonda Turkiya texnologiyasi asosida intensiv bog‘ barpo qilinib, olma, shaftoli va uzum yetishtirilyapti.
- Uzumchilikni Farg‘ona vodiysining Oltiariq tajribasi asosida tashkil qilganmiz, - deydi fermer xo‘jaligi rahbari Ahmadjon Sultonov. – Bu usul yer maydoni, ozuqa va suvni tejaydi. Uzumning kishmish, toifi, rizamat va boshqa 10 ga yaqin navlarini yetishtiryapmiz. Toifi hosildorligi bilan ajralib turadi. Gektaridan 30 tonnagacha hosil olish mumkin. Hozirda har 3-4 kunda yetilgan uzumlarni yig‘ib olyapmiz. Rossiya Federatsiyasiga bilan 2 ming tonna uzum yetkazib berish bo‘yicha shartnoma qilganmiz.
Yetishtirilgan hosilning 40 foizi ichki bozorga, qolgani eksport qilinmoqda. Toklar asosan voyish usulida parvarishlanyapti.
- Kuniga 1500 tagacha plastmassa yashik ishlab chiqarish seximiz bor, - deydi xo‘jalik rahbari. - Bu idishlar mevalarni yig‘ib olish va saqlashda qo‘l kelyapti. 20 gektar intensiv olma va uzum hosilining asosiy qismini 1250 tonnalik muzlatkichda eksport uchun saqlaymiz.
Xo‘jalikning 20 gektar intensiv bog‘ida olma va shaftoli ayni pishib yetilgan. Joriy yilning shu davrigacha 600 tonna meva hamda 500 tonnadan ziyodroq uzum hosili yig‘ib olingan.
Xo‘jalik tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 300 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilingan bo‘lib, yil oxirigacha yana 400 ming AQSh dollari miqdoridagi uzum mahsuloti eksport qilinishi rejalashtirilgan. Ayni kunlarda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida 70 nafar doimiy, 150 nafar mavsumiy ishchilar mehnat qilmoqda.
Bugungi kunda tumanda 3850 gektar yer maydonda uzumzor mavjud bo‘lib, 40307 tonna hosil kutilyapti. Ushbu mahsulotlar tumandagi 49485 tonna sig‘imga ega 66 ta muzlatkichli omborxonalarda saqlanadi.