Valixo‘jayev choy damlab bergan “salobatli kishi” kim edi? Yoxud mehmon olgan katta hayotiy saboq

Xoksorlik - haqiqiy insoniylik mezoni. Xoksorlik - kibrning teskarisi. Qanoatli inson, birovdan kam joyi bo‘lmasa ham hamisha kamtarona yurish-turishni afzal biladi. Inson tabiati shundayki, ulug‘langani sari kibrlanish paydo bo‘ladi. Atrofdagilarning mulozamati, uning fikri bilan hisoblashish va hokazo masalalar insonni havolantiradi, o‘ziga bino qo‘ya boshlaydi. Agar mansabdor bo‘lsa kibr xizmat mavqeini suiiste’mol qilish, atrofdagilarga past nazar bilan qarash, oyog‘i yerdan uzilishiga sabab bo‘ladi.

Boy yoinki jamiyatda ulug‘ mansab va martabaga erishgan odamlar orasida xoksor insonlar juda kam uchraydi. Xoksor bo‘lish tug‘ma emas, balki tarbiyaning mukammalligi, hayot falsafasini chuqur tushunishi va madaniyati, ma’naviyatining yuksakligidan dalolat beradi.

Bunday ulug‘ insonlar hamma zamonda ko‘p uchraydi. Inson ularga ibrat ko‘zi bilan qaraydi, o‘z xatti-xarakatini tuzatadi, kamchiliklari bo‘lsa xulosa qiladi, bir so‘z bilan aytganda, ulardan xoksorlikni o‘rganadi. Xoksorlik, ya’ni o‘zini tuproq qadar past tutish deganda nimani tushunamiz? Albatta o‘ta kamtarinlik, tavoze’, beozor bo‘lish, kattalarga hurmat va kichiklarga izzat ko‘rsatishning oliy namunasi, erishgan muvaffaqiyatidan dam urmaslik, balki uni yashirish, hayotda qanoat, saxovat, ezgulik, kamsuqumlik va andishani o‘zining shiori deb bilgan kishini xoksor, boshqacha aytganda, yuksak madaniyat va ma’naviyat sohibi deyish mumkin. Yashirib nima qilamiz, boylik va mansab inson obro‘si va ulug‘ligi ko‘rsatkichi bo‘lgan jamiyatda ko‘pchilik xoksor insonlar Allohning aziz bandalari ekanligini xayollariga ham keltirmaydilar va ularga achinish bilan qarashadi. Go‘yoki ular bechora, omadsiz odamlardek. Aslida-chi? Shunday munosabatlar girdobida o‘zining ma’nan yuksak fazilatlarini saqlab qolish insonning botiniy ruhiy olami ilohiy nurdan bahramand ekanidan dalolat beradi. Boz ustiga, muayyan mansab egasi bo‘la turib shunday fazilatlarga ega insonni uchratsang uni qancha ulug‘lasang shuncha kam. Chunki izzat va shuhrat shohsupasida turib xoksor bo‘lish qahramonlikdir.

Samarqandda yashab o‘tgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, bir kancha davlat mukofotlari, orden va medallar sohibi, filologiya fanlari doktori, professor, akademik Boturxon Valixo‘jayev shahar ma’naviy hayoti tarixida sezilarli iz qoldirgan siymolardan. U kishini Abdurahmon Jomiyga o‘xshataman. Men 26 yoshimda 1987 yil Samarqand davlat universitetiga ishga kelganimdan to umrlarining so‘nggi kunlarigacha ul zot bilan yaqin munosabatda bo‘ldim. Men hayotimda ikki farishtasifat odamni uchratganman. Biri otam bo‘lsa, ikkinchisi ustozim Boturxon domla edi.  

...Domla Samarqand davlat universiteti o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetida dekan, o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi kafedrasida mudir, universitet prorektori, bir paytning o‘zida viloyatdagi bir qancha jamoat tashkilotlarida faxriy rais bo‘lib ishlaganlar. Qayerda ishlamasinlar, qilgan qarorlari, tutgan tutumlari barcha yoshu qarining ba’zan ochiq, ba’zan xufyona e’tirofiga sazovor bo‘lardi. Ayrim paytlar kimlardir ko‘ngillarini g‘ashlar, sabab-besabab ozor berar, ko‘rsatgan lutflarini farosatsizlarcha qadrsizlar edi. Shunday paytlarda domla boshlarini egib xayolga botardilar, qo‘llari ketma-ket sigaret qutisiga borib kelaverar edi. 

Oddiylik va kamsuqumlik...

Abdurahmon Jomiyning ovozasini eshitib uzoq yurtlardan uning suhbatida qatnashish uchun kelgan muxlislar uni o‘tirganlarning orasidan tanib ololmas ekanlar. Uning xoksorligi shu darajada ekanki, yurish-turish, gapirish-tinglash, kiyinish va yeyish-ichishda o‘z xizmatkorlari bilan o‘rtalarida farq bo‘lmas ekan.

(Alisher Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin” asaridan).

U davrlarda kafedra mudirlari alohida xonada o‘tirmasdi. Umumiy xona to‘rida turgan kattaroq stol kafedra mudiriga tegishli bo‘lardi. Hozir esa kafedra mudirlariga alohida xona bermasang o‘zini kamsitilgan hisoblab yuradi. Laborantga esa xona ostonasiga yaqin joyda stol qo‘yib berilardi. Men laborant edim. Kun davomida kafedra yozuv-chizuv va dekanat topshiriqlarini bajarish, o‘qituvchilarning darslarga qatnashish jadvalini nazorat qilish va yig‘ilish bayonnomalari va hujjatlarni rasmiylashtirish, xullas, kafedraning barcha “qora ishlari” zimmamda edi. O‘qituvchilar faqat tanaffus paytlari kafedraga kirar, boshqa paytlari auditoriyada dars berish bilan band bo‘lardilar. Faqat men va mudir kafedrada muqim o‘tirar edik. Darsga kirib-chiqishlarini hisobga olmaganda, domla har kuni ertadan kechgacha kafedrada o‘tirar edilar. Boturxon domla yonida bo‘lish menga zavq bag‘ishlar edi. Har bir gaplari menga yo‘llanmadek tuyulardi. U kishining hech vaqt bekor o‘tirganlarini ko‘rmaganman. Doim yo rektorat topshiriqlarini bajarish bilan yoki dissertatsiya o‘qish bilan band bo‘lardilar. Rektorat topshiriqlarini hozirgilarga o‘xshab kimlargadir topshirib qo‘ymasdan o‘zlari bajarar edilar. O‘z vazifalarini vijdonan qilar, o‘zi bajarishi kerak bo‘lgan ishni boshqalarga yuklab “zulm” qilishni o‘zlariga ep ko‘rmasdilar. Kimlardir laborantni qul kabi ishlatar, o‘zining qog‘ozlari-yu eski ma’ruzalarini moshinkada ko‘chirib kelishga majbur qilardi. Domla hech qachon bunday yumushni menga bermaganlar. U kishining har bir xatti-harakati men uchun tarbiya namunasi edi.

...Bir kuni kafedraga salobatli bir kishi kirib keldi. Odob bilan kutib olib, rahmatli akademik Vohid Abdullodan kafedraga meros qolgan baland suyanchiqli divanga o‘tirg‘izdim. Choy taklif etdim. Mehmon uzoq viloyatdan kelgani, Boturxon aka bilan tanishib, qizining ilmiy ishini maslahatlashish uchun kelganini aytdi. Gapdan gap chiqib kichik bir korxonaga rahbar ekani, vaqti tig‘izligini ro‘kach qilib, domla bilan tezroq uchrashtirishni so‘radi. Domla darsda edilar. Men yaqin orada bo‘ladigan tanaffus payti barcha o‘qituvchilar kafedraga kirishi va domla bilan ham shu yerda gaplashib olishini aytib bir yumush bilan dekanatga chiqdim. Tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. Keta turib, domlaning kafedraga kirib ketayotganiga ko‘zim tushdi. Hartugul bugun o‘qituvchilar kam, bemalol mehmon bilan gaplashib oladigan bo‘lishdi, deb bamaylixotir dekanatda ishlarimni bajardim. Darsga kirishga qo‘ng‘iroq chalingach, domla yana darsga kirib ketganlari va mehmonning ham ishi bitganiga ishonch hosil qilgan holda kafedraga kirib bordim. Qarasam, mehmon hali ham divanga yastangancha choydan ho‘plab o‘tiribdi. “Qalay, murodingiz hosil bo‘ldimi?” dedim yana choy uzatib.

“Domla kelmadilar-ku haliyam”, dedi mehmon.

“Axir, hozirgina oldingizdan chiqqan odam akademik Valixo‘jayev bo‘ladilar”, ajablandim men.

Mehmonning avzoyi o‘zgardi: “Nahotki, shu inson akademik bo‘lsa, men u kishini oddiy domlalardan biri deb o‘ylabman. Choynakdagi choy tugagan ekan, choy damlab berdilar. Turib burchakdan qand-qurs olib kelib manzirat qildilar. Choy qo‘yib berdilar. “Xo‘sh, xizmat”, deb so‘raganlari ham yo‘q. Qaytaga “yo‘ldan toliqib kelgan bo‘lsangiz kerak, Shuhratjon hozir kelib qoladi. O‘z uyingizdagidek bemalol o‘tiring”, desalar men shu kafedraning oddiy o‘qituvchilaridan biri deb o‘ylabman. Bir og‘iz gapirmadim. Hatto Valixo‘jayevni kutyapman demabman ham”.

O‘shanda mehmonning ahvolini ko‘ring edi. Mehmon hay-haylaganimga qaramay shartta turib uyatdan boshini sarak-sarak qilib chiqib ketdi. Menimcha domla kirganda o‘rnidan turmagan ham bo‘lsa kerak. Domla juda kamtarona kiyinar, munosabatlarda tavoze’ni o‘rniga qo‘yar, hech qachon o‘zini katta tutmas edi.  

..... Menimcha, o‘sha kuni mehmon katta hayotiy saboq olgan edi...

Beozorlik....

Bizning fakultetimizni yangi binoga ko‘chirishdi. Rektorimiz domlaning akademikligini hisobga olib kafedra yonidan bir kichikkina xonani ajratib berdi. Hatto alohida telefon ham o‘tkazib berildi. Har to‘kisda bir ayb, deganlaridek, kafedrada mavjud bo‘lgan telefon esa uzib qo‘yildi. Nima emish, kafedra mudiriga berilgan telefondan boshqalar foydalansa yetarli ekan. Mayli, nima ham derdik. Zarur paytlarda, garchi noqulay bo‘lsa-da, domladan ruxsat olib oldilarida telefonda gaplashishga majbur bo‘lardik. Bir kuni rektoratga telefon qilishimga to‘g‘ri keldi. Domla kabinetda qog‘ozlarni o‘qish bilan band edilar. Sekin xonaga bosh suqdim-da “telefon qilsam maylimi” degandek, telefonga ishora qildim. Domla “bemalol, marhamat” dedilar. Kirib go‘shakni ko‘tardim. Telefon ishlamas ekan. “Telefon ishlamayotgan ekan, domla, uzr, sizni bezovta qildim” desam, ko‘zoynaklari ostidan ma’noli qarab “Iye, ishlamay qolibdimi, men uzr so‘rayman sizdan” deb qo‘ydilar. Tashqariga chiqdimu domlaning gaplaridan ta’sirlandim: “ana farosatu mana nazokat, ana ulug‘ligu mana beozorlik! Domla bu telefonning ishlamasligini, chamamda, bilardilar. Agar menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Telefon ishlamayapti” deganlarida “menga xalaqit berma” degan ma’no chiqishi va ko‘nglimda ozurdalik paydo bo‘lishini hisobga olib o‘zim ishonch hosil qilishimga imkon berdilar.

Andishalilik...

...Sulton Husayn Boyqaroning xayoliga Alisher Navoiyga amirlik lavozimini berish keldi. Shunda Navoiy ko‘nmay: “Men sizning e’tiboringiz tufayli obro‘im barcha amirlardan yuqoridur. Qolgan umrimni sizning hayot yo‘lingiz va madhingizni tarix sahifalarida qoldirishga bag‘ishlashga ijozat bersangiz” dedi. Mir Alisher uchun mansab emas, ilm va ijod zavq berar, hayoti mazmuni edi. Ammo sultonning taklifini rad etish noshukrlik deb bilib, ushbu mansabni qabul qilishga majbur bo‘ldi.

(Xondamir. "Xulosat ul-axbor” asaridan) 

Universitet rektori qo‘yarda-qo‘ymay domlani ma’naviy-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimiga tayinladi. Domla juda qattiq o‘ylandilar. Tabiiyki, bu lavozim ilmiy ish bilan muntazam shug‘ullanish, sevimli mashg‘uloti – talabalar bilan doimiy muloqotdan uzoqlashtirar edi. Domla juda qattiq siqilib yurdilar, ammo noiloj, bildirilgan ishonchni rad etish o‘ziga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborni qadrlamaslik deb qaralishidan bezovta bo‘lib, rozi bo‘ldilar. Domla har bir kirgan odam, yoshmi, qarimi, talabami yoki professormi, qat’i nazar, o‘rnidan turib kutib olar, eshikkacha kuzatib qo‘yardi. Prorektorning ishi ko‘p, hali yig‘ilish, hali yuqoridan topshiriq, bu yog‘i rektor chaqirib qoladi, qayerdadir tadbir o‘tkazishi rejalashtirilgan, bir so‘z bilan aytganda, har bir kuni soatma-soat rejalashtirilgan. Bu bilan qabuliga kelgan odamning ne ishi bor. Kimdir shunchaki qadrdonimdan hol-ahvol so‘ragani keldim deb tezda chiqishni xayoliga ham keltirmaydi. Kimdir qandaydir muammo bilan, yana kimdir uzoq o‘ylab yurgan g‘oyasini amalga oshirishga yordam so‘rab dardini doston qiladi.

Domla yig‘ilishga kechikayotganini qanday aytishni bilmas, suhbatdoshining ko‘ngliga qarasa, kech qoladi, uzr so‘rab xayrlashsa, mehmon uni takabburlikda ayblashi mumkin. O‘tirsa, yuqorida unga nisbatan noto‘g‘ri fikr bildirilishidan bezovta. Qabulxona esa hamisha odam bilan liq to‘la... Domla ming azob bilan ichidagi iztirobni bildirmas, imkon qadar kim kirsa fikrini bo‘lmay, oxirigacha tinglar, choy uzatar, stol ustida turgan qand-qursdan tatib ko‘rishga ishora qilardi. Xullas, domla ikki o‘t orasida juda qiynaldi va bu u kishining sog‘ligiga putur yetkazdi.

Xoksorlik...

Domlani kamtarlikda hech kim bilan qiyos qila olmayman. Domla fakultet eshigidan kirib borar ekan, eshik oldida bir to‘xtab oladigan odatlari bor edi. Yonlarida turgan odamga, qanday yoshda bo‘lishidan qati nazar, bu ko‘pincha talabalar bo‘lardi, “qani marhamat” deb qo‘l bilan oldinga o‘tishga ishora qilardilar. Taniganlar “yo‘g‘-e, domla, sizdan keyin” desa, ayrimlar indamay o‘tib ham ketaverardi. Tanimaganlar domlani, bilmadim, oddiy xodim deb o‘ylar edilar, shekilli. Biz esa domlaning bu fazilatlarini ko‘rib ichimizda tasannolar aytar edik. 

Bir kuni domlanikiga bordim. Darvozadan kirib hovli o‘rtasida ovoz chiqardim. Domla boloxona derazasini ochib bosh chiqardilar-da, yuqoriga ko‘tarilishimni aytdilar. U kishi doim boloxonada ijod bilan vaqt o‘tkazardilar. Men zinadan ko‘tarilib xonaga kiraverishdagi oynavand dahlizchaga oyoq kiyimimni yechib ichkariga kirdim. Suhbat ancha cho‘zildi. Hatto o‘rtada yangaposhsho (umr yo‘ldoshlarini shunday deb chaqirardik) ham yetib kelib, yarim kosadan ovqat ham tortdilar. Ketar mahal bo‘ldi. Haqimga yaxshi tilaklar aytib, duo qildilar. Xonadan dahlizga chiqar eshikka yetganimizda “qani, marhamat” deb menga yo‘l berdilar. U kishi uy egasi, men mehmonman. Men chiqay desam, ustozimdan oldin chiqish - beodoblik. Chiqmay desam, u kishi meni kuzatib qo‘yayotganlari uchun meni oldin chiqishimni kutib turibdilar. U kishi akademik, yoshlari ulug‘ inson, men esa bor-yo‘g‘i bir yosh tadqiqotchi shogirdcha. “Domla, uzr, sizdan bo‘lsin” deya orqaga tisarildimu ustozga yo‘l berdim. Tushundimki, domlani ham oldinga o‘tishdan boshqa ilojlari qolmagandi. Shu paytda sodir bo‘lgan bir holat bir umr ko‘z oldimda qoldi. Domla dahlizchaga qadam tashladilar-u, engashib, chekkada turgan mening tuflimni olib, to‘g‘rilab oyog‘im ostiga qo‘ysalar bo‘ladimi. Peshonamdan ter chiqib ketdi. “Hay-hay” deb domlaning qo‘llarini ushlagancha qoldim. Zinadan qanday tushganimni ham, domla bilan qanday xayrlashganimni ham eslolmayman. Ko‘chaga chiqib, o‘zimga keldim... Ana xoksorlikning oliy namunasi... 

....Har gal Samarqandga yo‘lim tushsa, ustozim qabrini albatta ziyorat qilaman. Xayolan u kishi bilan muloqot qilaman. Qilgan duolari mustajob bo‘lganini aytib ko‘zimga yosh olaman. Shunday insonni menga nafaqat ilmda, balki hayotda ham ustoz qilgan Yaratgan egamga shukrlar qilaman.  

Shuhrat Sirojiddinov,

professor.