Valyuta olib kirish va olib chiqishda yangi tartib joriy etiladi
Unga ko‘ra, 2018 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan ekvivalenti 2 ming dollardan oshgan miqdordagi naqd xorijiy valyuta yozma deklaratsiyalash va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Bunda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan naqd xorijiy valyutaning jami summasi ko‘rsatiladi. Ekvivalenti 2 ming dollarga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyuta jismoniy shaxsning xohishiga ko‘ra yozma deklaratsiyalanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasiga naqd xorijiy valyuta olib kirish bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda cheklanmagan miqdorda ruxsat etiladi. O‘zbekiston Respublikasidan naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqish bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda ekvivalenti 5 ming dollarga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda ruxsat etiladi.
Rezidentlar tomonidan belgilangan summadan ortiqcha mablag‘ni olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi. Unda ushbu ruxsatnomada erkin olib chiqish uchun belgilangan miqdordan ortiqcha olib chiqilayotgan naqd xorijiy valyuta miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Norezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kirishda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi, bunda ushbu deklaratsiyadagi naqd xorijiy valyuta summasi olib chiqiladigan naqd xorijiy valyuta summasidan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, norezidentlar respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan musobaqalar, tanlov va olimpiadalarning sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan erkin olib chiqish uchun belgilangan miqdordan ortiqcha naqd xorijiy valyuta olib chiqilayotganda naqd xorijiy valyuta olinganligining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat asos hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasini va O‘zbekiston Respublikasiga kirishda norezidentlar tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini, ya’ni ekvivalenti 5 ming dollardan oshgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani olib chiqish uchun asos bo‘lgan hujjatni boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qisman foydalanilgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi va O‘zbekiston Respublikasiga kirishda norezidentlar tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi kelgusida ekvivalenti 5 ming dollardan oshgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani olib chiqish uchun asos sifatida qo‘llanilmaydi.
Jismoniy shaxc O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasini kesib o‘tayotganda ega bo‘lgan naqd xorijiy valyutaning ishonchli va to‘g‘ri deklaratsiyalanishi uchun javobgardir.
Viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.