Vaqtdan baraka ketgani rost!
Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda uch oylik yozgi ta’til shunchalik asta o‘tar ediki, go‘yo maktabda darslar boshlanguncha oradan uch asr o‘tar edi. Uch oy ichida qancha-qancha ishni bitirsak ham. Eng qiyini esa dars boshlanishiga yaqin kunlar qolganida maktab uchun «forma» olgandan keyingi kunlar edi.Go‘yo tong otmay, shom bo‘lmas edi...
Darhaqiqat shunday edi. Menimcha avvalari ham maktab talabalari o‘qishga kirgan. «Dokument» topshirgan. Qancha yo‘l bosib viloyat yoki poytaxtga kelgan. Lekin, o‘sha mahallar «srochno», «vaqt tugadi», «problema», «mumkin emas» va hokazo gaplar bo‘lmagan bo‘lsa kerak.
Hozirda esa qanchalik texnika taraqqiyoti rivojlangan bo‘lsa-da, o‘sha yuqoridagi «termin»lar kishini aftoda etmoqda.
O‘sha paytlar ham o‘qigan-ku. O‘sha paytlar ham har qanday masala o‘z o‘rni bilan hal bo‘lgan-ku! Nega hozirda «VAQT» yetmayapti???
Misol:
Avvallari biror kishi maraka qilsa marakaga deyarli tegishli odamning hammasi kelar edi. Hech kim aytilmasdan qolib ketmasdi. O‘sha paytlar ham hammaning ishi bor edi. Hamma ishlar edi. Hech kim ishim bor, vaqtim yetmaydi demasdi. Hatto haftalab maraka qiluvchi kishiga har qanday yordamini ayamas edi odamlar.
Hozirda biror kishi maraka qilsa, muayyan bir vaqt kerak. «Ikki soat vaqt» o‘sha vaqtda kelgan keladi, kelmagan kelmaydi. Chunki, hammaning ishi ko‘p, vaqti kam. Chunki ishlash kerakda. Bo‘lmasa hamma ochdan o‘lib qolish ehtimoli bor. Akasi to‘y qilayotgan bo‘lsa, taksichi ukasi shu orada pul topib qolay deb boshqa shaharga odam olib borib kelishga ham qodir. Chunki, pul topsa foyda unga. Akaning to‘yi el qatori o‘tadi, ketadi...
Marakada qarindoshlar bir-birini o‘pkalaydi (yozg‘iradi), «Ko‘rinmisan? Xabar olmaysan? Sen ham bormisan?...». Javob bitta «Vaqt yo‘q!..»
U yetmaganday yana necha kishi aytilmasdan qolib ketadi. Axir, telefon bor-ku, bir zumda o‘n kishini telefon orqali aytsa bo‘lmaydimi? Bunga ham javob bor «Vaqt yetmadi!..». Qarang, avvallari o‘sha marakaga bir yoki ikki yosh bolani tayin qilardi hammaga xabar qilish uchun. Ular esa ikki, uch soatda bemalol o‘ynab, kulib o‘z ishlarini bajarib kelar edi...
Eh, o‘sha kezlar-a!.. Hamma fasl kutib ziq bo‘lardi. Nega? Chunki vaqt o‘tmasdi-da! «Qachon qish kelar ekan-a? Yoki qachon bahor kelar ekan-a?..» deya. Hozirchi, kecha qaysi faslda ekanligimizni unutib qo‘yamiz. Fasllar biz uchun hafta singari o‘tib bormoqda.
«Mehr-oqibat yo‘qolib ketyapti...» deymiz. To‘g‘ri, mehr-oqibat biz vaqt ajrataolmaganimiz uchun yo‘qolib ketyapti. Shunchalik shoshilib ketyapmizki o‘zimiz ham bilmaymiz qayoqqa bunchalik shoshilib ketayotganimizni. Yana nima deymiz «Gapir, nima deysan, vaqtim yo‘q! Ishim ko‘p!..»!
To‘ppa- to‘g‘ri! Hammaning ishi ko‘p. Kamchilik haqiqatdan ishlamasa, juda ko‘pchilik shunchaki vaqtni sotib o‘tiribdi!
Mehr-oqibatning yo‘qolishiga sabab, misol: men tog‘amdan bir yilda uch marta xabar olaman! Nima uchun buncha kam? Sababi tog‘am bilan har uch kunda telefonda gaplashib turaman. Uylariga borib hol-ahvol so‘rashga nima hojat! Nima qilaman o‘zimni sarson qilib? Yaxshi emasmi ikki-uch minut telefonda gaplashib hol-ahvol so‘rasamu qolgan ishlarimni qilsam. Shunday qilish hammaga qulay-ku! Ha hammaga qulay! Ammo, mazkur mehr-oqibatning yo‘qolish sababi o‘sha - VAQT ajratib yo‘qlamaslik, diydorlashmaslik, chindan suhbat qilib o‘tirmaslik, har qanday paytda hamdam va hamdard bo‘lmaslik va hokazo. Shular sabab mehr-oqibat oradan ketib bormoqda. Vaqtdan baraka ketishiga ham shu kabi narsalar sabab bo‘lmoqda!..
Habib Baxtiyor.
(Facebook ijtimoiy tarmog‘idan olindi.)