Vatan himoyachilari kuni arafasida «Techno Discovery» festivallari o‘tkaziladi
Samarqand shahri markazi va ayrim ta’lim muassasalarida harbiy texnika va qurol-aslahalarning modernizatsiya qilingan namunalari namoyish etiladigan ushbu festivalni o‘tkazish haqida viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbirlar «Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!» shiori ostida o‘tkaziladi.
Tadbirlar davomida aholi o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik g‘oyalari targ‘ib etiladi, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari haqida ko‘rsatuv va maqolalar e’lon qilinadi, yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi insho, surat, she’r kabi ijodiy tanlovlar va sport musobaqalari, jumladan, «Men albatta, harbiy bo‘laman!» tanlovi, «Men ham Vatanimga xizmat qilaman!» mavzusidagi estafetalar, harbiy orkestr va badiiy havaskorlik guruhlarining konsert dasturlari va chiqishlari o‘tkaziladi.