Vatan himoyachilari tantanali kuzatildi

Unda tibbiy ko‘rik, jismoniy tayyorgarlik va test sinovlarida saralangan chaqiriluvchilarning dastlabki guruhi muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatildi. 
Viloyat hokimi o‘rinbosari A.Umarov, Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni A.Saidov, "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi M.Boboyorov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov va boshqalar yigitlarni tabriklab, ularga oq yo‘l tiladi. 
– Bugun o‘g‘limni muddatli harbiy xizmatga kuzatayotganimdan behad xursandman, – deydi Mashrab Shukurov. – Bu har bir ota-onaning orzusi. O‘g‘lim xalqimiz, Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishiga ishonaman.
– Bugun eng katta orzularimdan biri amalga oshib, harbiy xizmatga yo‘l olayotganimdan hayajondaman, – deydi bulung‘urlik chaqiriluvchi Sherzod Islomov. – Chunki Vatanni himoya qilish har bir yigitning muqaddas burchidir. Men xalqimiz tinchligi yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni ayamayman.
Marosimda muddatli harbiy xizmatga kuzatilayotgan yigitlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Baxtiyor MUSTANOV.

Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati:
To‘lov narxi kamaydi

– Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga to‘lanadigan pul badallari o‘zgaribdi. Shu haqda ma’lumot bersangiz?
J.UMAROV,
Paxtachi tumani.

– Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi  Farmoniga muvofiq, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali joriy yilning 5 fevralidan boshlab eng kam oylik ish haqining 20 barobari, ya’ni 3 million  444 ming 800 so‘m etib belgilandi. 
Bunga qadar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali eng kam oylik ish haqining 27,5 barobari, ya’ni 4 million  736 ming 600 so‘mni tashkil etgandi.

Joriy yilning fevral-mart oylarida tuman (shahar)  chaqiruv komissiyalari tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga o‘tkaziladigan chaqiruv yoshidagi fuqarolar yangidan belgilangan pul badali miqdori bo‘yicha shartnomalar imzolab, pul badallarini to‘lashlari mumkin.
Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olingan chaqiriluvchilar tomonidan pul badallari, ularni safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinganidan keyin bir yil mobaynida Xalq banki muassasalari orqali to‘lanadi. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra to‘lov to‘liq hajmda bir yo‘la yoxud bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.
Savolga viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi safarbarlik chaqiruvi rezervi bo‘limi boshlig‘i 

O‘tkir TO‘RAQO‘ZIYeV javob berdi.