“Vatan tayanchi” otryadiga qabul qilingan 120 nafar pastdarg‘omlik o‘quvchiga ko‘krak nishonlar topshirildi
Past Darg‘om tumanida bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zoligiga qabul qilingan 51, 52, 54, 57, 63-umumta’lim maktablari va Past Darg‘om tuman ixtisoslashtirilgan maktabi 10-, 11-sinf o‘quvchilarining 120 nafariga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlarini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda harbiy vatanparvarlik harakatiga mas’ul tashkilotlar vakillari, harbiylar “Vatan tayanchi” otryadi guruhlariga a’zo bo‘lgan 10-, 11-sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
- Samarqanddagi maktablarda tahsil olayotgan 10-, 11-sinf o‘quvchlarining 25 ming nafar iqtidorli o‘g‘il-qizlari “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati otryadlariga qabul qilindi, - deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Husniddin Qobilov. – Bu o‘quvchilar odob-axloqi, Vatanga sadoqati, o‘qishi, intizomi va jismoniy ko‘rsatkichlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib, tengdoshlariga ham yuqori natijalarga erishishda ko‘maklashib kelmoqda.
Joylarda o‘quvchilar bilan ishlash maqsadida Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, Milliy gvardiya, DXX, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi mas’ullar biriktirilgan bo‘lib, ular bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Yil oxirigacha yana iqtidorli o‘quvchilarning yetti ming nafarini “Vatan tayanchi” otryadlariga qabul qilish rejalashtirilgan.
Tadbir davomida buyuk ajdodlarimiz aks etgan sahna ko‘rinishlari, harbiy orkestr hamda harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan chiqishlar yoshlarga bayramona kayfiyat ulashdi.