Vazir o‘rinbosari yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchiga noutbuk hamda kitoblar jamlanmasi sovg‘a qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlarining Samarqand viloyatidagi ommaviy sayyor qabullari davom etmoqda.
Bugun, 11 noyabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida mazkur shahar hamda Narpay, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazildi. Unda fuqarolarning xalq ta’limi tizimiga oid, jumladan, ishga joylashish, dars soatlarining kamligi, maktablarni ta’mirlash va yangisini qurishga doir murojaatlarini Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev qabul qildi.
Sayyor qabul doirasida vazir o‘rinbosari Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 56-maktabning 10-sinf o‘quvchisi, jismoniy imkoniyati cheklanganligi bois uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan Mustafo Turopovning xonadonida bo‘ldi. I.Jo‘rayev o‘quvchi bilan suhbatlashib, ta’lim olishi uchun uyda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mustafoga noutbuk hamda kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi.
— Axborot texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirib, kelajakda ushbu yo‘nalishda oliy ta’lim muassasasida o‘qish va albatta, sohaning bilimli va tajribali egasi bo‘lish niyatim bor, — deydi Mustafo Turopov. — Vazir o‘rinbosari uyimizga kelib, o‘qishlarim bilan tanishgani, noutbuk ham sovg‘a qilgani men uchun katta xursandchilik bo‘ldi. Endi o‘zimning shaxsiy noutbugim borligi maqsadlarimga erishishimga yordam beradi.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-maktabda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari rahbarligida Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrda qabul qilingan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirishga doir farmon va qarorlarini o‘rganishga bag‘ishlangan o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.
I.Jo‘rayev seminarda ishtirok etgan Kattaqo‘rg‘on shahridagi maktab direktorlari hamda ularning o‘rinbosarlariga mazkur muhim hujjatlarda xalq ta’limi xodimlarining oldida turgan dolzarb vazifalarni tushuntirdi. Boshqarma boshlig‘i S.Usmonov maktab ta’lim-tarbiya jarayonlaridagi qator kamchiliklarga to‘xtalib, ularning yechimi bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Ommaviy sayyor qabul Payariq tumanidagi istirohat bog‘ida Oqdaryo, Ishtixon, Qo‘shrabot hamda Payariq tumanlari aholisi uchun ham o‘tkazildi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.