Vaziyatga qarab turganing yaxshi
Donoga ishora bas, nodonga - turtki,
Donolik ham asli hushyorlar mulki,
Bo‘lmay desang magar, el ichra kulgi,
Har holda hovliqmay yurganing yaxshi.
Aytib qo‘yib attang, degandan ko‘ra,
Tavba qildim, to‘xtang! degandan ko‘ra,
Ilingandan dakki yegandan ko‘ra,
Vaziyatga qarab turganing yaxshi.
Holin bilgan odam horimas, derlar,
Komilga kasofat dorimas derlar,
Kekkaymoq donishning korimas derlar,
Kulbangni pastroqdan qurganing yaxshi.
To‘g‘ri yo‘l senga ko‘p to‘g‘ri kelmaydi,
Bu yo‘lga qaroqchi, o‘g‘ri kelmaydi.
Qo‘li, qalbi, dili egri kelmaydi -
Yo‘lingni so‘l tomon burganing yaxshi.
Boshingda baxt qushi tilu fe’lingdan,
Olqish duo olgin ulus elingdan,
Ololmasang quvvat ketmay belingdan
Boshni devorlarga urganing yaxshi.
Nachora, qismatning quliman desang,
Bo‘yni egilmagan o‘liman desang,
Choppar ochilmagan guliman desang
Hayotda davroning surganing yaxshi.
Nuriddin BOBOQANDOV.