Velosiped ham “stoyanka” qilinadimi? Somsapazni kim nazorat qiladi?

Shu kunlarda og‘ir, shu bilan birga sinovli kunlarni boshdan kechiryapmiz. Bu kunlar ham o‘tib ketadi, lekin tarixda qoladi. Eslab yuramiz, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar birnecha o‘n yillar muhokama qilinadi. Balki, badiiy asarlar yozilar, ilmiy ishlar qilinar.

Matbuotda aytilishicha, har 100 yilda bir marta vabo kelarkan. 1820 yillarda dunyoga “xolera” nomli kasallik tarqalgan. U paytlar tibbiyot rivojlanmagan, hukmron doiralar qanday choralar qo‘llashni yetarli bilmagan, axborot almashinuvi ham juda past bo‘lgan. Oqibatda butun-butun shaharu qishloqlardagi odamlar qirilib ketgan. Kasallanganlar hududidan boshqa hududga borilsa, o‘sha yerdagi odamlar yoppasiga dunyodan ko‘z yumgan.

1920 yillarda “ispanka” nomli vabo tarqalgan. Deyarli butun dunyoni qamrab olgan bu kasallik 4 milliondan ziyod odamni olib ketgan. Insoniyat bu kasallikka qarshi “xolera”ga nisbatan yaxshiroq kurashdi. Chunki orada 100 yillik rivojlanish, odamlar ongida o‘sish bor edi. Bir holat shuki, “ispanka” davrida ko‘chada niqobsiz yurgan kishi so‘zsiz qamoqqa olingan.

Oradan yana 100 yil o‘tdi. Endi “koronavirus” degan balo dunyoni titratdi. Lekin endi tibbiyot rivojlangan, odamlar ongi oshgan, axborot almashinuvi keragidan ortiq. Xo‘sh, insoniyat bu ofatga qarshi qanday kurashyapti? Dunyoning qanday kurashayotgani haqida har kuni, har soatda matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor bo‘lib turibmiz.

O‘zimizga chetdan nazar solaylik, holatni Samarqand shahri misolida, arzimas ko‘ringan bir-ikkita holat orqali tahlil qilib ko‘raylik. Vaholanki, karantin sharoitida arzimas masala bo‘lmaydi, hammasi muhim ahamiyatga ega.

Hukumatimiz amalga oshirayotgan ishlarga tan bermay iloj yo‘q. Butun davlat siyosati shunga qaratilgan. Bu haqda xohlagancha gapirish mumkin. Lekin davlat biz fuqarolar uchun jon kuydirib turganda, biz bu siyosatni qo‘llab-quvvatlash, yordam berish o‘rniga belgilangan tartiblarni “aylanib o‘tishga” harakat qilyapmiz. Chunki Samarqand shahri aholisi orasida “menman”, “bu cheklov menga emas” deydigan, hammadan ajralib turishni istaydigan, tartibni tan olmayotgan, karantin qoidalariga bo‘yin egmayotgan fuqarolar ham afsuski, uchramoqda.

“Uyda qoling! Ko‘chaga chiqmang! Bu o‘zingiz uchun, oilangiz xavfsizligi uchun. Ko‘chadan bilmagan holda virusni uyingizga olib kelishingiz mumkin.” deya tinimsiz ayyuhannos solinayapti. Lekin shahar ko‘chalarida, bozorlar, do‘konlarda odam gavjum. Ikki metr oraliq degan yozuvlar qog‘ozda turibdi.

Umumiy ovqatlanish shoxobchalari yopildi, uyga olib ketish xizmati kuchaytirildi. Lekin uyga olib ketilayotgan, yetkazib berilayotgan ovqatlar qanday tayyorlanayotgani, kimlar, qanday sharoitda pishirayotgani, kim olib borayotganini kimdir nazorat qilayaptimi? Bu katta masala, shu sohadagi e’tiborsizlik butun sa’y-harakatlarimizni bir pulga chiqarishi mumkin.

Masalan, ko‘chada somsa pishirib sotishayapti, shu yerda yeyish mumkin emas, olib ketish mumkin. Rahmat, lekin somsani yelim qo‘lqop bilan pishirib bo‘lmaydi, ikkinchidan tandir boshidagi idishga terib qo‘yilgan somsa sotilib bo‘linganicha uning oldiga nechta odam kelib ketadi, qo‘li tegadi, nafasi tegadi. Somsapazning o‘zi nechta odamning qo‘lidan pul olib, yana somsa sotadi. Har safar qo‘lini sovunlab yuvarmikin?

To‘g‘ri, juda ehtiyotkorlari ham bordir. Lekin hamma birday emas.

Avtomashinalar harakati cheklandi. Ammo ko‘chalarda mashina haliyam bor.

Bu ham yetmaganday, yangi qizg‘in jarayon boshlandi: velosiped savdosi avj olib ketdi. Do‘kondorlar, savdogarlar uyida savdo qizg‘in. Shahar ko‘chalarida vilosiped minganlar keskin ko‘paydi. Bu yaxshi albatta, lekin shaharda avtomashinalar harakati cheklanishidan maqsad, odamlarning ko‘chaga chiqishini kamaytirish edi. Bu “velikda yuraver”, degani emas-ku?! Kun sayin ko‘chalarda bunday ulov mingan odamlar gavjumlashyapti. Velosipedni YPX xodimlari olib qo‘yolmaydi, jarima qilmaydi.

Bunaqa misollarni, savollarni uzoq davom ettirish mumkin.

Xullas, Samarqand aholisi orasida bu ofatning ko‘lamini, qanday balo-qazo ekanligini, karantinning mohiyatini, maqsadini to‘la his qilmayotganlar bor.

Sadriddin NABIYeV,

jurnalist.