Velosipedda mahalla kezadigan hokim yordamchisi

Kattaqo‘rg‘on tumani Mundiyon mahallasida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi Olimjon Davronov haqida hikoya qilmoqchimiz.
U shu tumanning Yovi mahallasidan. Oliy o‘quv yurtini tugatib, 20 yilga yaqin vaqt davomida tijorat banklarining shahar va tuman filiallarida rahbarlik qilgan.
Olimjon shu yil yanvar oyida mahallada hokim yordamchisi vazifasida faoliyat boshladi. Mahalla raisi Muxtor Tohirov Olimjondek tajribali iqtisodchi bilan birga ishlash, hududda tadbirkorlikni rivojlantirishda, ishsizlarning bandligini ta’minlashda muammo bo‘lmasligini aytdi.
- 30 yildirki, shu tizimda ishlayman, - deydi Muxtor aka. - Olimjon bilan shu yil fevral oyida tanishganman. Ko‘rinishidan oddiy yigit, ammo juda faol, harakatchan. Qisqa vaqt ichida mahallamizni piyoda kezib, 1472 xonadon bilan yaqindan tanishib chiqqan. Yaqinda murojaat bo‘lgan xonadonga tezroq borib, muammolarni o‘rganish uchun velosiped sotib oldi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy "daftar"larga kiritilgan oilalarning yashash sharoitini yaxshilash choralarini ko‘ryapti. Jumladan, uning ko‘magida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 45 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi, 7 ta kam ta’minlangan oilaga 10 bosh qo‘y, 4 ta xonadonga 4 qutidan asalari, 4 nafar fuqaroga esa subsidiya asosida motokultivator olib berildi.
Biz hokim yordamchisi bilan avvaliga piyoda yurib, mahalladagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdik.
- Hududimizda obodonlashtirish ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, - deydi Olimjon. – Piyodalar va velosiped yo‘laklari yotqizilyapti. Yo‘l chetlariga yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Mahallamiz tuman markaziga yaqin joylashgan. Bir qarich bo‘sh yerni topish qiyin. Bir kuni tuman markazidan mahallamizga piyoda kelayotganimda katta yo‘l va anhor o‘rtasidagi bo‘sh joyga ko‘zim tushdi. Shu paytda anchadan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun joy kerak, deb murojaat qilib kelayotgan fuqarolarning muammosiga yechim topganday bo‘ldim. Sababi, bu yerda yengil konstruksiyali binolar qurib, foydalanishi mumkinligini bilardim. Faollar bilan kelishib, qurilish ishlariga kirishildi. Hozirda bu hududda 30 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bunyod etilyapti. Natijada 56 nafar ishsizning bandligi ta’minlanadi.
Aytish joizki, mahallaning o‘sish nuqtasi uzumchilik hisoblanadi. undagi qaysi xonadonga kirmang, aholi voyish usulida uzum yetishtirayotganiga guvoh bo‘lasiz.
72 yoshli Nasriddin Ubaydullayev uzumchilikning sir-asrorlarini chuqur egallagan bobodehqonlardan. U 20 sotix tomorqasida 100 tup tok parvarish qilyapti.
- Tomorqamda uzumning o‘ndan ziyod navini parvarishlayapman, - deydi otaxon. - Kenja farzandim bilan birga yashaymiz. Shu tomorqadan keladigan daromad ortidan to‘ylar qildik, mashina oldik. O‘tgan yili 80 million so‘m daromad qildik. Bu yil hosil yaxshi, 100 million so‘m foyda olishni mo‘ljallab turibmiz. Ko‘chatchilikka ham qo‘l urdim. Toklar orasida nihollar yetishtiryapmiz. Mahallaning ishsiz yoshlariga uzumchilik sirlarini o‘rgatyapman.
Mahalla hududi katta, qisqa fursatda bajarilgan ishlar ko‘p ekan. Bir kun davomida, tag‘in piyoda yurib tanishib chiqish qiyin ekan. Shuning uchun velosipedda ham harakatlandik.
Mahalla fuqarolar raisi ta’kidlaganidek, haqiqatan ham hokim yordamchisi ko‘magi bilan bajarilayotgan ishlar e’tiborga molik ekan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYeV.