Velosipedda sayr qilish salomatlikka qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Velosipedda sayr qilishning inson sog‘ligiga foydasi bisyor. Bu mashg‘ulot nafaqat qaddi-qomatning to‘g‘ri shakllanishi, balki tananing umumiy salomatligiga ham ijobiy ta’sir etadi.
Quyida velosipedda harakatlanishning asosiy foydalari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
1. Yurak-qon tomir tizimi uchun foydasi.
Bu mashg‘ulot yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilashga yordam beradi. Xususan, yurak urishi va qon bosimini me’yorlashtirib, og‘ir yurak xastaliklari xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
2. Mushaklarni mustahkamlaydi.
Velosiped uchish bo‘g‘im va mushaklarni mustahkamlaydi. Boisi bu paytda tanadagi barcha mushaklar faol harakatlanib, tonusda bo‘ladi. Natijada, umumiy jismoniy kuch va chidamlilik ortadi.
3. Ovqat hazm qilishni yaxshilaydi.
Pedalni aylantirish metabolizmni tezlashtirib, ishtahani ochadi. Mazkur holat organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanganini bildiradi. Shuningdek, metabolizmning tezlashishi taomning tez hazm bo‘lishi va organizmda yog‘ to‘planmasligiga olib keladi. Bu, o‘z navbatida, ortiqcha vaznni yo‘qotishga zamin yaratadi.
4. Varikozning oldini oladi.
Varikozga moyilligi bor odamlar uchun pedallar juda foydali. Ushbu mashg‘ulot paytida qon turg‘unliksiz tomirlar orqali faol aylana boshlaydi. Natijada, varikozning oldi olinadi.
5. Tayanch-harakatlanish tizimi uchun foydasi.
Velosiped uchish suyaklar mustahkamligini oshirib, artrit kabi kasalliklarga chalinish xavfi sezilarli darajada kamayadi.
6. Uyquni yaxshilaydi.
Ushbu jismoniy faollik uyqu sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning yordamida oson uyquga ketish va uyqu davomida yaxshi dam olish mumkin. Shuningdek, doimiy pedal aylantirish organizmda endorfin gormonlarini ishlab chiqarishga ko‘maklashadi. Bu esa kayfiyatni ko‘tarib, stress, depressiya va xavotirni kamaytirishga yordam beradi.
7. Immunitetni mustahkamlaydi.
Bo‘sh vaqtini muntazam ravishda velosipedda o‘tkazadigan insonlar tananing infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi. Bu bilan velosipedchilar mavsumiy virusli kasalliklardan kamroq azob chekishadi.
8. Qon aylanishini yaxshilaydi.
Velosayohat qilishni kanda qilmaydiganlarda qon aylanishi yaxshilanib, terining holati ijobiy tomonga o‘zgaradi. Sababi, toza havoda jismoniy harakat sabab qon sirkulyasiyasi, hujayralarning kislorod va boshqa oziq moddalar bilan ta’minlanishi yaxshilanadi. Bunda toksinlar kamayib, kollogen miqdori ko‘payadi va terining erta qarishining oldi olinadi. Natijada, teri tiniq va sog‘lom ko‘rinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, har kuni velosipedda sayr qilishni odatga aylantirish orqali sog‘lom va faol hayot tarziga erishish mumkin, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.