Vernisaj: Rassom Sharqning buyuk allomalariga suratlarda “jon bag‘ishladi”
Samarqand xalqaro texnologiya universitetida “O‘rta asr Sharq olamining buyuk mutafakkir va allomalari” mavzusida portretlar vernisaji bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi va Badiiy akademiyasi a’zosi, mohir musavvir, teatr rassomi va dizayner Bahrom Safoyev chizgan buyuk mutafakkir va allomalarimiz portretlari namoyish etildi. Taniqli rassomlar, tarixchilar, tasviriy san’at sohasi mutaxassislari B.Safoyev ijodi haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, musavvir yaratgan asarlar uning 30 yillik mehnati mahsulidir.
- Ushbu rasmlarni chizish uchun turli yo‘nalishdagi olimlar, ustozlar, shoirlar, yozuvchilar va musavvirlar bilan suhbatlashib, portreti yaratilayotgan har bir tarixiy shaxsning hayoti, ularning yashagan davri bilan manbalar orqali tanishishga harakat qildim, - deydi Bahrom Safoyev. – Shuningdek, hududlar antropologiya va arxeologiysiga oid asarlarni tadqiq etib, xalqlar va millatlar, mamlakatlar va qit’alar tarixi, geografiyasi va folklorini chuqur tahlil qildim, qadimiy qo‘lyozmalar va kitoblarning asl nusxalarini o‘qidim. Bundan tashqari, ko‘plab suhbatlarda, ijodiy bahslarda turli kasb egalarining fikrlarini inobatga oldim va baholi qudrat allomalarimiz siymosini yaratdim.
- Bahrom Safoyevning musavvirlik ijodi alohida e’tiborga loyiq, - deydi Samarqand xalqaro texnologiya universitetida rektori Yusuf Abdullayev. - Vernisajda taqdim etilgan buyuk ajdodlar portret kompozitsiyalari navqiron avlodni ajdodlar ruhiga ehtirom, vatanga muhabbat - oliy saodat degan g‘oya asosida tarbiyalash, shuningdek, ularda xalqimiz madaniyatiga bo‘lgan munosabatni yanada yaxshilash, buyuk alloma va mutafakkirlarning bebaho merosini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi tuyg‘ularni yusaltirishga xizmat qiladi. Shu bois ham bu tadbir – vernisajni universitetimizda tashkil etdik.
Ko‘rgazmada universitet o‘qituvchilari – xorijlik professorlar ham faol ishtirok etdi. Ular rassom chizgan ulug‘ olimlar suratlariga sharh sifatida muxtasar fikr yuritdilar. Jumladan, hindistonlik professor Muhammad Gouse Galetiy Mirzo Ulug‘bek faoliyati xususida, universitetning muhandislik yo‘nalishlari kordinatori, bangladeshlik Khalid Miah Al-Xorazmiyning jahon ilm-faniga qo‘shgan munosib hissasi haqida, talabalar bilan ishlash bo‘limi dekani, polshalik professor Majevicz Dorota Selvia sharqning buyuk mutafakkiri Alisher Navoiy ijodi xususida ingliz tilida gapirdilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi A.Haydarov uyushmaning 35 yillik a’zosi, universitet rektori, professor Yusuf Abdullayevga uyushma a’zoligining yangilangan guvohnomasi va ko‘krak nishonini topshirdi.