Viloyat bo‘yicha 6 oyda aliment yuzasidan 9 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan: Majburiy ijro byurosi

Yilning dastlabki yarmida Majburiy ijro yurosi Samarqand viloyat boshqarmasiga 13 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan aliment undiruvlariga oid murojaatlar 8 ming 982 tani tashkil qiladi. Bu haqda zarnews.uz’ga boshqarma katta inspektori Rustam Xo‘jaqulov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, kelib tushgan umumiy murojaatlarning 11 ming 838 tasi hal etilgan, aliment bo‘yicha murojaatlarning esa 5 ming 612 tasi qanoatlantirilgan —qariyb 10 milliard so‘mlik pul mablag‘lari undirib berilgan.

Boshqarma vakili o‘z vaqtida to‘lanmagan aliment uchun qator huquqiy oqibatlar mavjudligini eslatib o‘tadi.

Xususan, fuqaro K.N.ning aliment undiruviga oid sud qarori ijrosi ta’minlanmayotganligidan haqidagi murojaati o‘rganib chiqilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining qarzdor B.N.dan undiruvchi K.N.ning foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun qarzdorning oylik ish haqi va boshqa daromadlaridan ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Narpay tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijroga qaratilgan.

Ammo qarzdor mazkur aliment qarzdorligini ixtiyoriy bartaraf qilishi to‘g‘risida bir necha marotaba rasmiy ogohlantirish berilgan bo‘lishiga qaramasdan, alimentdan yuzaga kelgan 60 mln. 862 ming so‘m qazdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Shundan so‘ng, to‘plangan materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan va sudning qaroriga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.