Viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi raisi deputatlarga hisobot berishga kelmadi

Amaldagi tartibga ko‘ra, u ijro organi mutasaddisi sifatida xalq vakillariga faoliyati, umuman, tizimdagi holat haqida hisob berishga majbur. Shu sabab uning o‘z mas’uliyatini imtiyoz, deb bilganiga O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida keskin e’tiroz bildirildi.
Yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan birinchi masala yuzasidan kambag‘allikni qisqartirish, bandlik, migratsiyadan qaytganlar bilan ishlash, yoshlarga kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rgatish masalalarida hududda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i Temur Mahmudovning axboroti tinglandi.
Uning qayd etishicha, 2024 yilda aholi bandligini ta’minlash yuzasidan qilingan murojaatlar bo‘yicha 39 ming 372 nafar fuqaroning ishga joylashishiga ko‘maklashilgan. Shuningdek, 6846 nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj, mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan fuqaro zaxiradagi ish o‘rinlari bilan ta’minlangan.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mahallalar “o‘sish nuqtalari” (drayver) asosida 31,2 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga 510 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lib, ushbu moliyaviy manbalar mahallalarda ishsizlar, yoshlar va xotin-qizlarning kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda qo‘l kelmoqda.
Deputatlik guruhi a’zolari mazkur sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdi. Mutasaddilar bilan birgalikda ishchi guruhi tuzib, joylarda o‘rganishlar olib borishga qaror qilindi.
So‘ngra Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Dilshod Pardayev so‘zga chiqdi. U deputatlarga fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, ularning zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha malakalarini rivojlantirish, band bo‘lmagan fuqarolarni tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish kurslariga keng jalb etish yuzasidan qilinayotgan ishlar xususida axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, markazda keyingi to‘rt yilda 8487 nafar tinglovchi kasb-hunarga o‘rgatilgan. Ularning 64 foizini ayollar, 36 foizini erkaklar tashkil etadi. Bitiruvchilarning 4325 nafari yoshlardan iborat. Markazda tahsil olganlardan 88 foizining bandligi ta’minlangan. Bitiruvchilarning 293 nafari nogironligi bor tinglovchilar.
Kun tartibidagi navbatdagi masala – aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligiga erishish bo‘yicha qilingan ishlar, kuz-qish mavsumi uchun oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralari yaratilganligi holati bo‘yicha viloyatda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berish uchun viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi raisi Abror Rajabovga deputatlik guruhi tomonidan rasmiy xat chiqarilgan. Lekin yig‘ilishga o‘zi kelmasdan, o‘rinbosarini yuborganligi deputatlar tomonidan jiddiy tanqid qilinib, masalani xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilindi.