Viloyat hokimi o‘rinbosari talabalar taklifini tingladi
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda viloyat iqtisodiyoti, jumladan, turizmni rivojlantirishning muhim omillari haqida so‘z yuritildi.
- Iqtisodiyotni rivojlantirishning eng muhim jihatlaridan biri turizmdir, - dedi J.O‘roqov. - Bu sohani esa bizda turizm ob’yektlarini ko‘paytirish bilan birga yosh mutaxassislar, gid-tarjimonlar, tajribali va malakali mutaxassislarni yetishtirish orqali rivojlantirish mumkin. Shu bilan birga Samarqandni millionli shaharga aylantirish va ma’muriy binolarni shahardan tashqariga chiqarish ham muhim sanaladi. Afsuski, bugungi kunda gidlarning tarixni yaxshi bilmasligi, ularda bilim va malakaning yetarli emasligi katta kamchiligimiz. Shuning uchun bu borada chuqur bilim olish, tajriba orttirish zarur.
J.O‘roqov institutda iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ko‘plab ilmiy ishlar qilinayotgani, ammo ularning natijasi sezilmayotganini ta’kidladi.
“Agarda ilmiy kengashga hokim o‘rinbosarlari a’zo bo‘lib kiritilsa, iqtisodiyotni rivojlantirish, turizm taraqqiyotidagi ayrim kamchilik va g‘ovlar, muammoli masalalar hal etilishi tezlashadi”, dedi hokim o‘rinbosari.
Uchrashuvda talabalar J.O‘roqovga o‘z takliflarini bildirdi, savollariga javob oldi.