Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shahzod Eshonqulov: "Maktablar yangi o‘quv yiliga tayyor"
Viloyatimizdagi barcha maktablarda yangi o‘quv yiliga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. O‘tgan o‘quv yilida mavjud 1248 ta maktabni 49315 nafar bitiruvchi tugatgan bo‘lsa, 2024-2025 o‘quv yilida 82 ming nafarga yaqin bolalar 1-sinfga qabul qilinyapti.
Bu, albatta, ta’lim muassasalarida yangi o‘rinlar yaratishni talab qiladi. Shuning uchun ham joriy yilda viloyatda jami 104 ta ta’lim muassasasida qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda viloyatimizda 4 ta maktab yangidan qurilmoqda, 90 ta maktabda rekonstruksiya, 12 tasida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 446,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu qurilish-rekonstruksiya ishlari natijasida viloyatimizda 24 mingga yaqin yangi o‘quvchi o‘rni yaratilmoqda. Ayni paytda viloyatda o‘quv jarayoni uch navbatda olib boriladigan maktablar mavjud emas.
Ma’lumki, yaqinda III "Ustozlar milliy forumi" o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov navbatdagi o‘quv yilida tizimdagi muassasalarda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya asosida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
O‘tgan yili ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar soni 88 ta bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 69 tani tashkil etdi. 2024-2025-o‘quv yilida bu maktablarga tuman, shaharlardagi namunali, ta’lim sifati yuqori bo‘lgan maktablar amaliy yordam ko‘rsatishi uchun biriktirildi.
Umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida yangi loyihalar amalga oshirilyapti. Mavjudlari takomillashtirilyapti. Masalan, yangi o‘quv yili uchun “Zo‘r” loyihasi asosida 42 nafar xorijlik mutaxassis jalb etildi. Ular ta’lim beradigan maktablarda mahalliy o‘qituvchilar uchun mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shu paytga qadar har bir tuman va shaharning kasb-hunar turiga bo‘lgan ehtiyoji, moslashuvi hamda ixtisoslashganligini inobatga olgan holda, viloyatdagi 16 ta maktabda 14 ta yo‘nalishda kasblar o‘rgatilayotgan edi. Endi har bir tuman va shaharda yana 5 tadan, jami 80 ta maktabda 24 yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab jami 96 ta maktabda yuqori sinf o‘quvchilariga kasb-xunar o‘rgatiladi.
Yana o‘tgan o‘quv yili sarhisobiga nazar tashlasak, 9 nafar o‘quvchi fan olimpiadasining mamlakat bosqichida g‘olib bo‘ldi va umumjamoa hisobida respublikada birinchi o‘rinni egalladi. Yangi o‘quv yilida yanada yaxshi natijalar ko‘rsatib, bu natijani saqlab qolishni ham maqsad qilganmiz.
Qo‘shrabot, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on tumanlarining olis hududlarida boshqa viloyatdan kelib dars berayotgan tajribali o‘qituvchilar faoliyati ham yaxshi samara beryapti. Masalan, Nurobod tumanidagi 55-, Qo‘shrabotdagi 19-maktablar bundan ikki yil avval qizil toifada edi. Boshqa viloyatdan kelib faoliyat boshlagan ustozlar sa’y-harakati bilan bu ta’lim muassasalari bugungi kunda yashil toifadagi maktablarga aylandi.
O‘tgan o‘quv yilida 68 ta maktab yangi baholash tizimiga o‘tkazilgandi. Buning natijasida ta’lim sifati oshgan va yuqori natijalarga erishgan ushbu maktab jamoalariga 40 foizgacha ustamalar belgilanishi maktablar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirdi. Yangi o‘quv yilidan yana 50 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etiladi.
Ayni paytda viloyatimizdagi barcha maktablar yangi o‘quv yiliga shay turibdi. 1-sinfga qadam qo‘yayotgan bolajonlar uchun Prezident sovg‘alari yetkazib berildi. “Bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkaziladigan “Bilimlar kuni” tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha ham chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Tadbirlarda “Mustaqillik” soatlarida ishtirok etish uchun har bir maktabga hududlardagi rahbar xodimlar biriktirildi.