Viloyat SEOM: Samarqand shahrida har biri besh kishilik 20 ta dezinfeksiyalash guruhi ishlayapti

Sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘laligicha amal qilish, zarurat bo‘lmaganda uydan chiqmaslik, niqob taqib yurish, qo‘llarni antiseptik vositalar bilan tozalab turish borasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ta’kidlanmoqda. Bu ko‘rsatmalarga amal qilish esa foydadan xoli bo‘lmaydi.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi (SEOM) tomonidan bozorlar va savdo do‘konlarida bugungi vaziyatda nimalarga amal qilish kerakligi aks etgan eslatma-varaqalar tarqatilmoqda. SEOM mutaxasislari tomonidan teleradio kanallar orqali mutazam chiqishlar qilinib, kerakli maslahatlar berib borilmoqda.

Viloyat va shahar hududlarida dezinfeksiyalash ishlari jadal davom ettirilmoqda. Jumladan, Samarqand shahri hududida har biri 5 kishidan iborat 20 ta dezinfeksiyalash guruhi ish olib bormoqda. Bugunning o‘zida Xalq qabulxonalari, un tayyorlash korxonalari, “Temir yo‘l”, “Damariq”  va “Siyob dehqon bozor”lari hamda “Muso xon keldi” buyum bozori hududi maxsus mashinalar yordamida dezinfeksiyalandi.

Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda shahar ko‘chalari maxsus mashinalar yordamida dezinfeksiyalanmoqda. Shaharning Beruniy va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari, ushbu hududdagi va boshqa manzildagi savdo do‘konlari, ma’muriy binolar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, kasb-hunar ta’limi muassasalari, oliy o‘quv yurtlari binolari, mehmonxona va yotoqxonalarda ham ushbu tadbir davom ettirilmoqda.

Jamoat transportlari, yo‘lovchi tashuvchi taksi korxonalariga dezinfeksiya ishlarini olib borish uchun mutaxasislar biriktirilgan. Ushbu korxonalar xodimlari viloyat SEOM mutaxasislari tomonidan o‘qitilmoqda.

Viloyat miqyosida olib borilayotgan ushbu tadbirlarning davomiyligi SEOM tomonidan nazoratga olingan.

Samarqand viloyat SEOM axborot xizmati.