SEOM rahbari jinoyat ustida qo‘lga olindi
Koronavirus infeksiyasining tarqalishi pandemiya darajasiga chiqqan shu kunlarda sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlaridan o‘z xizmat vazifalariga yanada mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
Urganch shahar SEOM rahbari Z.Q. o‘ziga bildirilgan ishonchni suiiste’mol qilib, xizmat vakolatidan foydalangan holda noqonuniy ravishda shaxsiy boylik orttirish rejasini tuzdi.
Qassobchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan Urganch tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, kelgusida tadbirkorlik faoliyatining soliq organlari tomonidan tekshirilmasligini ta’minlab berishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan 300 000 so‘m pul talab qilgan Z.Q. joriy yilning 25 avgust kuni Xorazm viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida talab qilgan miqdordagi pulni olayotgan paytida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Xorazm viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.